Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga o‘tgan shaxslar sud tomonidan tayinlangan jazoning uchdan ikki qismini o‘tashsa, prezidentga afv so‘rab murojaat qilish huquqiga ega bo‘lishadi.
11 dekabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova shu haqda to‘xtalib o‘tdi.
«Mahkum jazoning uchdan ikki qismini o‘tasagina prezidentga afv so‘rab murojaat qilish huquqiga ega bo‘ladi. Prezidentning 2018 yil 8 maydagi farmoni bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasida afv etishni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida»gi nizomda bu qoida kiritilgan. Jazoning uchdan ikki qismini o‘tab bo‘lib, keyin jazoni o‘tash muassasasi ma'muriyati orqali ariza bilan Prezident huzuridagi Afv etish masalalari bo‘yicha komissiyaga murojaat qiladi.
Ariza komissiyaga kelib tushgandan keyin tegishli o‘rganishlar boshlanadi. Tavsifnoma olinadi, kim uni kafillikka olishi, oilasi o‘rganiladi. Jazoni o‘tash muassasasi ma'muriyati u bilan ishlaydi, o‘sha koloniyaga biz borib ishlaymiz. Shaxsan o‘zim borib, mahkum bilan gaplashaman, ko‘ziga qarayman, haqiqatan ham u tuzalish yo‘liga o‘tganmi-yo‘qmi? Va boshqa usullar bor. Shular asosida ma'lumot to‘plangach, komissiya yig‘ilish qiladi va hammasini taroziga solib bir xulosaga keladi. Prezidentga taqdim etsa bo‘ladimi-yo‘qmi?», degan Ortiqovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bosh prokuror o‘rinbosariga ko‘ra, avf etilishga nomzodlarning ro‘yxati shu tariqa shakllantiriladi va prezidentga taqdim etiladi. Davlat rahbari ro‘yxatdagilarning ma'lumotlari bilan tanishgach, konstitutsiyaviy vakolatidan foydalangan holda o‘zi ma'qul deb topgan shaxslarni afv etish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekadi.
Tadbirda O‘zbekiston prezidenti 2019 yilda Ramazon hayiti munosabati bilan 575 nafar, Konstitutsiya kuni munosabati bilan esa 92 nafar fuqaro afv etilgani, ozodlikka chiqarilganidan so‘ng avf etilgan shaxslarning hayotga moslashib ketishi uchun qilinayotgan ishlar haqida ham ma'lumot berildi.






