O‘zbekistondagi barcha o‘quv muassasalarida besh kunlik o‘qish tizimi joriy etilishi mumkin. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida yoshlar turizmini rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasida aytilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Xalq ta'limi vazirligi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ichki turizmni rivojlantirish doirasida o‘quvchi va talabalar hamda ularning ota-onalari sayohatlarini samarali tashkil etish maqsadida barcha umumiy o‘rta ta'lim maktablari, oliy va o‘rta maxsus ta'lim muassasalarida besh kunlik o‘qish tizimini joriy etish hamda turizm mavsumini uzaytirish maqsadida yozgi ta'til muddatini qisqartirish hisobidan qishki ta'til davrini uzaytirish bo‘yicha taklif ishlab chiqadi va kiritadi.
Hujjat bilan quyidagilar:
a) 2020-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida yoshlar turizmini rivojlantirish Konsepsiyasi;
b) 2020 – 2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida yoshlar turizmini rivojlantirish Konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha 2020 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanadi.
Belgilab qo‘yilishicha:
turizm mavsumi past bo‘lgan oylarda (dekabr-fevral va iyul-avgust oylarida) tashkil etiladigan xalqaro tadbirlarda o‘rnatilgan tartibda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi budjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan:
100 nafardan ortiq xorijiy ishtirokchilar tashrif buyursa – ishtirokchilarni xalqaro aeroport va temir yo‘l vokzalidan kutib olish va kuzatish uchun transport xarajatlari;
150 nafardan ortiq xorijiy ishtirokchilar tashrif buyursa – ishtirokchilarni xalqaro aeroport va temir yo‘l vokzalidan kutib olish va kuzatish uchun transport xarajatlari hamda tadbir o‘tkaziladigan hududda ekskursiya tashkil etish xarajatlari;
200 nafardan ortiq xorijiy ishtirokchilar tashrif buyursa – ishtirokchilarni xalqaro aeroport va temir yo‘l vokzalidan kutib olish va kuzatish transport xarajatlari hamda tarixiy shaharlardan biriga bir kunlik sayohatning gid va shahar ichidagi transport xarajatlari (tarixiy shaharlarga borish va kelish xarajatlaridan tashqari) qoplab beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi yilning turizm mavsumi past bo‘lgan davrda (noyabr-mart oyigacha) yoshlar, shu jumladan xorijliklar uchun mamlakat ichida yo‘l chiptalari (avia, temir yo‘l, avtobus) chegirmalarni joriy etishning aniq mexanizmlari bo‘yicha taklif ishlab chiqadi va kiritadi.







