Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida yoshlar turizmini rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasini muhokama uchun e'lon qilgani xabar berilgandi.
Unda umumiy o‘rta ta'lim maktablari, oliy va o‘rta maxsus ta'lim muassasalarida besh kunlik o‘qish tizimini joriy etish hamda turizm mavsumini uzaytirish maqsadida yozgi ta'til muddatini qisqartirish hisobidan qishki ta'til davrini uzaytirish taklifi berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi ushbu qaror loyihasiga munosabat bildirdi. Ta'kidlanishicha, qaror loyihasida keltirilgan takliflar vazirlik bilan kelishilmagan hamda ularni faqat chuqur tahlil qilinganidan so‘ng qabul qilish kerak.
Bildirilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligida mazkur qaror bo‘yicha bir necha savollar mavjud:
“Birinchidan, hozirgi kunda ko‘pchilik maktablarda ta'lim ikki yoki undan ortiq smenada olib borilmoqda. Maktablarda besh kunlik o‘qish tizimini joriy etilishi esa bunday o‘quv muassasalar sonini keskin oshiradi. Ya'ni, o‘quvchi o‘rni va binolarga qo‘shimcha talab keskin ortadi. Bu holatda Turizm qo‘mitasi tomonidan Investitsiya dasturiga maktablar uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratiladimi?
Ikkinchidan, ayni paytda aksariyat ota-onalarning mehnat faoliyati haftada olti kunni tashkil etadi. Bunday oilalarda shanba kuni bolalar xavfsizligini kim ta'minlaydi, degan savol kelib chiqadi. Bu holat yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning o‘sishiga sabab bo‘lmaydimi?
Uchinchidan, yoshlarning hatto o‘zi yashayotgan hududidagi turizm obektlariga sayohati ham mablag‘ talab qiladi. Bu mablag‘lar kimning hisobiga qoplanadi? Ota-onalarnimi? Yana bunga o‘qituvchi mas'ul bo‘ladimi? O‘quvchilar xavfsizligini kim ta'minlaydi? Bolalar avtobusda olib borilsa, ularning xavfsizligi ichki ishlar tomonidan ta'minlanishi kerak bo‘lsa, ushbu xarajatlar qanday qoplanadi?
To‘rtinchidan, yozgi ta'tilni qishki ta'til hisobiga qisqartirish taklifi berilgan. Bizda ta'tillar mamlakat iqlimidan kelib chiqib belgilangan. Yozning issiq havosida 30-35 kishi bir xonada 45 daqiqa o‘tira oladimi? Xonalarda sovitish tizimi kimning hisobiga o‘rnatiladi? Elektr ta'minotiga bo‘lgan talab keskin ortishi tufayli maktab elektr tizimidagi o‘zgartirishlar hamda elektr iste'moli uchun xarajatlarni oshishi qaysi mablag‘ hisobidan qoplanadi? O‘quvchilar bunday sharoitda darsni yaxshi o‘zlashtira oladimi?

















