O‘zbekiston | 12:21 / 13.12.2019
9441
2 daqiqa o‘qiladi

Deniyel Rozenblyum: «O‘zbekistondagi saylovga asosan YeXHTning xulosasiga qarab baho beramiz»

AQShning O‘zbekistondagi saylovlarga beradigan bahosi ko‘p jihatdan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kuzatuvchilarining xulosasiga bog‘liq bo‘ladi.

Bu haqda Qo‘shma Shtatlarning favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum 11 dekabr kuni Toshkentda siyosiy partiyalar vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvdan so‘ng aytib o‘tdi.

Kun.uz muxbirining: «Saylovoldi jarayonlarini qanday baholaysiz, uni kuzatdingizmi?» degan savoliga amerikalik elchi quyidagicha javob berdi.

«Ochig‘i, partiyalarning plakatlariga ko‘zim tushganini aytmaganda, saylovoldi jarayonini shaxsan o‘zim kuzatmadim. Shuning uchun bu haqda biror narsa deya olmayman.

YeXHTdan kelgan kuzatuvchilar ish olib borishyapti. Bir necha haftadan buyon shu yerda bo‘lib turgan uzoq muddatli kuzatuvchilar bilan birga, faqatgina saylov uchun keladigan qisqa muddatli kuzatuvchilar ham bor. Qo‘shma Shtatlar odatda, shu jumladan bu gal ham, YeXHT kuzatuvchilarining xulosalariga katta e'tibor qaratadi. Bizning saylovga beradigan bahomiz ko‘p jihatdan YeXHTning xulosasiga asoslanadi», – dedi Deniyel Rozenblyum.

Elchi joriy saylovning ahamiyati haqida ham fikr bildirib o‘tdi.

«Xalqaro jamoatchilik, shu jumladan AQSh ham O‘zbekistondagi saylovlarni katta qiziqish bilan kuzatmoqda. Prezident Mirziyoyev boshlagan islohotlar bizda qiziqish uyg‘otmoqda. U parlamentning roli kuchli bo‘lishi kerakligi, ijro hokimiyatini nazorat qilishi lozimligini bot-bot takrorlamoqda. Ayni shu vazifani yangi tarkibdagi parlamentda kimlar bajarishini joriy saylovlar ko‘rsatib beradi», – deydi AQShning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonasi rahbari.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis va mahalliy kengashlar deputatligi uchun saylov 22 dekabrda bo‘lib o‘tadi. Jarayon 600dan ko‘proq xalqaro kuzatuvchi guvohligida o‘tishi kutilyapti.

Mavzuga oid