Quyida yaqin vaqtlar ichida klubini o‘zgartirishi kutilayotgan 5 nafar futbolchi haqida keltiriladi.

Mario Manjukich

Foto: Tullio M. Puglia/Getty Images

Yangi mavsum boshlanishidan oldinoq «Yuventus» ustozi Mauritsio Sarri jamoasida hujumchilar yetarli ekani va xorvatiyalik Mario Manjukichni boshqa klubga sotishga tayyorligi haqida ma'lum qilgandi. Yozda ushbu xorvatiyalik futbolchiga xaridor topilmadi, u 24 sentabr kunidan buyon turinliklar klubining zayavkasidan o‘rin olmadi. Ungacha esa Manjukich o‘yinlarni zaxira o‘rindig‘idan kuzatayotgandi.

ESPN nashri avvaliga Mario «Manchester Yunayted»ga o‘tishi haqida xabar tarqatdi, ammo 20 noyabr kuni shu nashrda «MYu» boshqa bir bolqonlik hujumchi Edin Jyekoni sotib olishni rejalashtirayotgani to‘g‘risida xabar berdi. Sport Bild nashrining tasdiqlashicha, Dortmundning «Borussiya» klubi Manjukichni safiga qo‘shib olishga qarshi emas. Ushbu tajribali futbolchining (u ayni vaqtda 33 yoshda) transfer qiymati 8-10 mln yevroga teng, yana bir plyus esa u joriy mavsumda «Yuventus» safida Chempionlar ligasida ishtirok etmagan va u dortmundliklarga pley-off o‘yinlarida yordam berishi mumkin. Turinliklar klubining Rojdestvo bayramiga ham chaqirilmagan futbolchida faoliyatini Qatar chempionatida davom ettirish varianti ham bor.

Dris Mertens

Foto: Francesco Pecoraro/Getty Images

Hozirda «Napoli»da xaos hukmron, futbolchilar va klub prezidenti o‘rtasidagi ziddiyat avjiga chiqmoqda. Muammoni Karlo Anchelottining iste'fosi ham hal qila olmadi, klub Jyennaro Gattuzo boshqaruvidagi ilk o‘yinda Neapolda «Parma»ga yutqazdi va bu vaziyatdan bezor bo‘lgan yetakchi futbolchilar klubni tark etish haqida o‘ylamoqda. Jumladan, 2013 yildan buyon klub safida to‘p surayotgan Dris Mertens ham. La Gazzetta dello Sport nashrining yozishicha, klub rahbariyati va futbolchi 2020 yil mayiga qadar tuzilgan shartnomani uzaytirish borasida kelishuvga erisha olmadi. Belgiyalik futbolchiga birdaniga uchta klub da'vogar bo‘lib turibdi: Istanbulning «Galatasaroy», Dortmundning «Borussiya» va Milanning «Inter» klublari. Mertensning o‘zi boshqa chempionatga yo‘l olish niyatida emasligini aytgan va shu tufayli milanliklarning imkoniyatlari ustunroq baholanmoqda. Qolaversa, «Inter» 32 yoshli hujumchiga yiliga 4 million yevro miqdorida maosh to‘lashga tayyor. Hozirda Mertensning transfer narxi 25 million yevro turadi.