O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari AQSh harbiy xizmatchilari (Missisipi, AQSh) o‘rtasida har yili an'anaviy ravishda o‘tkaziladigan “Eng yaxshi jangchi” harbiy tanlovida ishtirok etib, o‘z toifalarida 1-o‘rinni qo‘lga kiritishdi.
Ushbu musobaqada O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi vakillari serjant Sardor Mamarasulov va kichik serjant Muhriddin Ochilov birinchi marotaba ishtirok etib, Missisipi Milliy gvardiyasining turli bo‘linmalaridan qatnashgan 14 nafar serjant bilan bahslashib, bilim va mahoratlarini namoyish etishdi.

Musobaqa Missisipi shtati Milliy gvardiyasi tashkil etilganligining 338 yilligi munosabati bilan o‘tkazildi.
Musobaqaning birinchi kunida ishtirokchilar 9 elementdan iborat to‘siq chiziqlarini bosib o‘tishdi. Musobaqaning birinchi bosqichi natijalariga ko‘ra, eng yaxshi vaqtni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi vakillari ko‘rsatdilar (M. Ochilov – 8 daqiqa 35 soniya, S. Mamarasulov – 10 daqiqa 8 soniya) va musobaqalar jadvalini boshqarib turishdi.

Keyingi bosqichda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha sinov imtihonlarini topshirdilar. Unda yerga tayangan holatda mashq bajarish, press, 3,2 kmga yugurish, 110 kg og‘irlikdagi shtangani turgan holatda ko‘tarish, 5 kg og‘irlikdagi to‘pni uloqtirish, turnikda tortilish, qisqa masofaga yugurish (25 m) kabilar bo‘yicha o‘z jismoniy qobiliyatlarini namoyish qilishdi.

Navbatdagi bosqichda O‘zbekiston Mudofaa vazirligining kichik mutaxassislari Amerika armiyasi qurollari – “Beretta” to‘pponchasi, M-4 avtomati, M-240 qo‘l pulemyoti, M-249 og‘ir avtomati va avtomatik minomyotlarni qismlarga ajratib-yig‘ish shartini ham muvaffaqiyatli bajarishdi. Bundan tashqari o‘zbek harbiylari zamonaviy manekenlardan foydalangan holda, jarohatlar va shikastlanishlarda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ham sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tishdi.
20 kmga marsh yurish va turli xil qurollardan nishonlarga otish, shuningdek, qo‘l granatalarini uloqtirish shartlarida ham o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar yuqori jangovar tayyorgarlik va kasbiy mahoratga ega ekanliklarini yana bir bor namoyish etdilar.



















