O‘tgan haftaning eng muhim yangiliklaridan biri Finlandiya bosh vaziri lavozimiga 34 yoshli — tarixda bu lavozimni egallagan eng yosh siyosatchi Sanna Marinning tayinlanishi bo‘ldi.

Shu bahona jahon jamoatchiligi finlarning barcha siyosiy partiyalariga yoshgina ayollar yetakchilik qilishini ham bilib oldi.

Forbes Woman nega aynan Finlandiya feminizm oliy darajada qaror topgan ilk mamlakat bo‘lganiga aniqlik kiritdi.

Shu kunlarda Sanna Marindan intervyu olish uchun jahonning 200ga yaqin yetakchi ommaviy axborot vositalari navbatga turib olishgan. Nega? Chunki bosh vazir ayol va u 34 yoshda. Amerikada Hillari Klinton bir chaqnab so‘ngan, Yevropa siyosat maydonida esa ayollar tobora ko‘zga kamroq tashlanmoqda.

Biroq Finlandiya taajjublantira oldi. Hukumat koalitsiyasini tashkil etgan besh partiyaning yetakchilari va asosiy vazirlar — ayollar. Boz ustiga, ularning to‘rt nafari hali 40 yoshga ham kirmagan. Ularning ichida yoshi eng kattasi — Finlandiya xalq partiyasining 55 yoshli yetakchisi, fin siyosatida ko‘p yillardan beri faoliyat olib borayotgan Anna-Mayya Henriksson.

Yangi hukumat – ayollar rahbarligidagi beshta so‘l partiyadan tashkil topgan. Ushbu partiyalar pochta xodimlarining ikki haftalik ish tashlashidan keyin kelib chiqqan siyosiy inqiroz oqibatida paydo bo‘lgan edi.

Xo‘sh, bu qanday yuz berdi? Sanna Marin — populist emas (u fin siyosatidagi eng qadimiy va mo‘'tadil so‘l sotsial-demokratik partiyasi vakili), xarizmatik ham emas, maktab partasidan partiyaga kirib olgan «siyosiy broyler» ham emas, «siyosiy sulola» valiahdi ham emas. U chindan ham «xalq ichidan» chiqqan.

Yangi fin hukumatini albatta, kon'yunktura, «feminizm modasi», saylovchilar uchun «piar» yoki yosh ayollarning shaxsiy hayoti haqidagi taxminlar bilan bog‘lash mumkin. Lekin javob ancha chuqurda — fin siyosatining tarixida yotibdi.

Chapdan o‘ngga: Li Andersson (ta'lim vaziri), Katri Kulmuni (moliya vaziri), Sanna Marin (bosh vazir), Mariya Oxisalo (ichki ishlar vaziri)