Pokistonning sobiq prezidenti Parvez Musharraf sirtdan o‘lim jazosiga mahkum qilindi. 2013 yilda boshlangan sud ishi bo‘yicha hukm uch sudyaning ikki nafari o‘lim jazosi uchun ovoz berishi orqali chiqarildi.

Reuters xabariga ko‘ra, u 2007 yilda Pokistonda harbiy holat joriy qilgani va konstitutsiyaga amal qilinishini to‘xtatgani uchun davlatga xiyonat qilishda ayblangan.

Ayni vaqtda 78 yoshda bo‘lgan sobiq prezident 2016 yildan buyon Dubayda yashamoqda, u o‘ziga qarshi sud ishlariga biror marta kelmagan, unga davolanish uchun xorijga chiqishga ruxsat berilgandi.

General Parvez Musharraf 1999 yilda harbiy to‘ntarish oqibatida hokimiyat tepasiga kelgan, 2001-2008 yillarda Pokiston prezidenti bo‘lgan, ommaviy namoyishlar natijasida hokimiyatdan ketishga majbur bo‘lgan.

Musharrafga qarshi ayblovlar u 2007 yilda sud uning qayta saylanishi qonuniyligini tekshirishni boshlaganida Konstitutsiyaga zid tarzda harbiy holat joriy etishiga ham taalluqlidir.

Sud hukmiga apellyatsiya berish mumkin. Dekabr oyida shifoxona aravachasidagi sobiq-prezident videomurojaat qilib, o‘ziga qarshi jinoiy ishni asossiz deb atagandi.

Davlatga xiyonat

2007 yil noyabrida general Musharraf konstitutsiining amal qilishini vaqtinchalikka to‘xtatdi va mamlakatda favqulodda holat joriy etdi, bu esa ommaviy namoyishlarga olib keldi.

2008 yilda impichment xavfi ostida qolgan prezident iste'foga chiqadi.

HANDOUT VIA GETTY

2013 yilda Navoz Sharif Pokiston bosh vaziri etib saylanadi. General Musharraf 1999 yilda aynan uni hokimiyatdan ag‘dargan edi. Hokimiyat tepasiga qaytgan Sharif zudlik bilan general Musharrafga davlatga xiyonat aybi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘attiradi. Sud jarayoni 2014 yil martida boshlanadi.

General Musharrafning o‘zi bu ish siyosiy maqsadlarga ega bo‘lgani va uning konstitutsiyaga amal qilishni vaqtinchalikka to‘xtatish qarori Vazirlar Mahkamasi va hukumatning barcha a'zolari tomonidan ma'qullangani haqida aytadi. Ammo sud bu dalilni inkor etadi, keyin general qonun buzilishida ayblanadi.

Pokiston konstitutsiyasiga ko‘ra, davlatga xiyonatda ayblangan shaxs qatl etilishi belgilangan. General Musharraf bir necha marta chaqiruv olganiga qaramay sudlarga kelmagan.