O‘zbekiston | 09:40 / 19.12.2019
1563
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston-Latviya: ilm-fan va ta'lim to‘g‘risida hukumatlararo bitimni imzolash masalasi tezlashtiriladi

2019 yilning 17 dekabr kuni O‘zbekistonning Riga shahridagi elchisi Qadamboy Sultonov Latviya ta'lim va ilm-fan vaziri Ilga Shuplinska bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida ta'lim sohasida hamkorlikni yanada kuchaytirish istiqbollari, jumladan munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy bazasini mustahkamlash, talabalar almashinuvlari sifatini oshirish, OTMlararo sherikchilik yo‘nalishi bo‘yicha aloqalarni chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashildi.

Ilga Shuplinska O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi darajasini ijobiy baholadi. Latviya oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar soni bo‘yicha O‘zbekiston ikkinchi o‘rinni egallashi alohida ta'kidlandi. O‘zbekiston yoshlari uchun ham ochiq bo‘lgan Yevropa ittifoqining Erasmus+ ta'lim grantlari dasturi qamrovini yanada kengaytirish imkoniyatiga alohida e'tibor qaratildi.

Latviya tomoniga mamlakatda prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni to‘g‘risida ma'lumot berildi. Aprel oyida qabul qilingan Xalq ta'limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi to‘g‘risida batafsil ma'lumot taqdim etildi.

Muzokaralar yakunida Ilm-fan va ta'lim to‘g‘risida O‘zbekiston-Latviya hukumatlararo bitimini imzolash masalasini tezlashtirish, Erasmus+ doirasida amaliy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari to‘g‘risida ma'lumot almashish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid