Adliya vazirligi «Mulkdorlarga zarar yetkazilganligi uchun mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun loyihasini ishlab chiqdi va mazkur qonun loyihasi 2019 yil 23 dekabr kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan Qonunchilik palatasiga kiritildi.
Qonun loyihasida mulkdorlarga zarar yetkazilgani uchun mansabdor shaxslarning mas'uliyati va javobgarligini oshirishga qaratilgan bir qator normalar ko‘zda tutilgan.
Loyihada O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining yangi 61-3-modda bilan to‘ldirish rejalashtirilgan. Unga ko‘ra, yer uchastkalarini olib qo‘yish tartibini buzish – mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.
Xuddi shunday huquqbuzarliklar olib qo‘yilayotgan yer uchastkasidagi bino, boshqa imorat, inshoot yoki dov-daraxtlarni yoxud ularning qismlarini, zararning o‘rni mazkur mol-mulkning bozor qiymati bo‘yicha oldindan va to‘liq qoplamagan holda buzib tashlanishi oqibatida ko‘p bo‘lmagan miqdorda zarar yetishiga olib kelsa, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi ko‘rsatib o‘tilmoqda.
Shuningdek, yer uchastkalarini olib qo‘yish tartibini buzish harakatlari ma'muriy jazo qo‘llanganidan keyin sodir etilsa, Jinoyat kodeksiga kiritilishi taklif etilayotgan yangi 173-1-moddada buning uchun jinoiy javobgarlik kelib chiqishi belgilab qo‘yilmoqda.
Modda sanksiyasida bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan 250 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari kabi jazolar ko‘rsatib o‘tilgan.

















