Senat raisi Tanzila Norboyeva ayrim hokimlar binolarni bayramga mo‘ljallab topshirishga harakat qilishi, natijada belgilangan me'yoriy qoidalar nazardan chetda qolishini tanqid qildi.

«Hozir hokimlar o‘rtasida rosa avj olgan ─ binolarni kimo‘zarga qurib, bayramlarga yetkazib topshirishga harakat qilishyapti. Lekin aniq belgilangan sanitariya normalari mavjud. Ular bilan birov hisoblashyaptimi?

Sanitariya talablariga mos bo‘lmasa ham foydalanishga topshirib yuborishadi. Kerakli mutaxassis ko‘rigidan o‘tgan-o‘tmagani bo‘yicha hech qanday normativ ham yo‘q», ─ dedi Tanzila Norboyeva Senat kengashining 24 dekabrdagi majlisida.

Majlisda chiqish qilgan Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekovning ma'lum qilishicha, oziq-ovqat tayyorlash uchun mo‘ljallab qurilmagan va keyinchalik shu maqsadda foydalanish uchun moslashtirilgan binolar – ovqatdan ommaviy zaharlanish holatlarining sabablaridan biri sanaladi.