Jahon | 00:55 / 25.12.2019
19116
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston yo‘llarida bir hafta ichida 39 kishi halok bo‘ldi 

Foto: Tengrinews

O‘tgan hafta Qozog‘istondagi avtomobil yo‘llaridagi tirbandliklarda yomon ob-havo sababli 1000 dan ko‘proq mashina qolib ketgan, 104 ta yo‘l-transport hodisasi yuz bergan. Ularda 39 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda Qozog‘iston ichki ishlar vaziri Yerlan Turgumbayev hukumat majlisida ma'lum qilgan.

“Ob-havo sharoiti sababli yo‘llardagi vaziyat murakkab bo‘ldi. 11 ta viloyatda, jumladan Turkiston, Olmaota, Qarag‘anda, Mang‘istau, Qo‘stanayda yo‘llar yopildi. 16 dekabrdan 22 dekabrgacha mamlakatda 104 ta YTH qayd qilinib, unda 39 kishi halok bo‘lgan, 158 kishi tan jarohati olgan. Yo‘llardagi vaziyatga ob-havo sharoiti: haroratning nol darajagacha keskin isib ketishi, buning oqibatida yaxvonlik hosil bo‘lishi, tuman sababli ko‘rishning pasayishi, yomg‘ir va qorlar ta'sir qilgan”, deb ma'lum qilgan vazir. 

Turgumbayevning aytishicha, OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi ogohlantirishlarga qaramay, ko‘plab haydovchilar nosoz, yozgi shinalardagi mashinalarda aylanma yo‘llar bilan qatnov yopilgan xavfli yo‘llarga chiqishgan.

Qozog‘iston bosh vaziri Askar Mamin shu munosabat bilan viloyatlar hokimlariga, sanoat va infratuzilmaviy rivojlanish hamda ichki ishlar vazirliklariga hamda mutasaddi tashkilotlarga qozog‘istonliklarning yo‘llardagi xavfsizligini ta'minlashga ko‘rsatma bergan.  

Mavzuga oid