O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 9 dekabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2019 yil 14 dekabrda ma'qullangan.
Investitsiyalar va investitsiya faoliyatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
oshkoralik va ochiqlik;
investitsiya faoliyatini amalga oshirish erkinligi;
adolatlilik va investitsiya faoliyati sub'yektlarining tengligi;
investorlarga nisbatan kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik;
investorlarning vijdonliligi prezumpsiyasi.
Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining asosiy prinsiplari investitsiya qilish va investitsiya faoliyatini amalga oshirish jarayonining barcha bosqichlarida qo‘llaniladi.
Investitsiyalar mo‘ljallangan obektiga ko‘ra kapital, moliyaviy va ijtimoiy turlarga bo‘linadi.
Asosiy fondlarni yaratish va takror ko‘paytirishga, shu jumladan yangi qurilishga, modernizatsiya qilishga, rekonstruksiya qilishga, texnik jihatdan qayta jihozlashga, shuningdek moddiy ishlab chiqarishning boshqa shakllarini rivojlantirishga kiritiladigan investitsiyalar kapital investitsiyalar jumlasiga kiradi.
Aksiyalar, korporativ, infratuzilmaviy va davlat obligatsiyalariga, shuningdek qimmatli qog‘ozlarning boshqa turlariga kiritiladigan investitsiyalar moliyaviy investitsiyalar jumlasiga kiradi.
Inson salohiyatini, ko‘nikmalarini va ishlab chiqarish tajribasini rivojlantirishga, shuningdek nomoddiy boyliklarning boshqa shakllarini rivojlantirishga kiritiladigan investitsiyalar ijtimoiy investitsiyalar jumlasiga kiradi.
Investitsiyalarni amalga oshirish shakllari quyidagilardan iborat:
yuridik shaxslarni tashkil etish yoki ularning ustav fondlarida (ustav kapitallarida) ulushli tarzda, shu jumladan mol-mulk va aksiyalar (ulushlar) sotib olish yo‘li bilan ishtirok etish;
O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan emissiya qilingan qimmatli qog‘ozlarni, jumladan qarz majburiyatlarini olish;
konsessiyalarni olish, shu jumladan tabiiy resurslarni qidirish, o‘zlashtirish, qazib olish yoki ulardan foydalanishga doir konsessiyalarni olish, shuningdek mahsulot taqsimotiga oid bitimlarda ishtirok etish;
















