«Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Olmaota yaqinida yo‘lovchi samolyoti qulashi oqibatida odamlar halok bo‘lgani sababli 2019 yilning 28 dekabrini milliy motam kuni deb e'lon qildi», deya xabar bergan prezidenti matbuot kotibi Berik Uali.

Bugun tongda Olmaotadan Nur-Sultonga uchmoqchi bo‘lgan Bek Air aviakompaniyasiga tegishli samolyot havoga ko‘tarilish vaqtida balandlikni yo‘qotib, beton to‘siqni buzib o‘tgan va ikki qavatli imoratga borib urilgan, shundan so‘ng aholi turar joylari hududiga qulagan.

Hozircha qurbonlarning aniq soni ma'lum emas. Olmaota aeroporti ma'lumotiga ko‘ra, samolyotda bo‘lgan yo‘lovchilarning kamida 60 nafari omon qolgan. Interfaks aeroportdan shifoxonaga olib ketilgan yo‘lovchilar ro‘yxatini keltirgan. Samolyotda jami 93 yo‘lovchi va ekipajning 5 nafar a'zosi bo‘lgan.

Qozog‘iston favqulodda vaziyatlar bo‘yicha qo‘mitasi hodisa oqibatida 12 kishi halok bo‘lgani va 49 kishi jarohatlanganini tasdiqlagan. Mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari Roman Sklyar shifoxonaga yotqizilganlarning 18 nafari og‘ir ahvoldaligini ma'lum qilgan. 12 qurbonning 8 nafari voqea joyida vafot etgan, 2 kishi aeroport hududida bo‘lib turganida, yana 2 kishi shifoxonada jon bergan.

Shu bilan birgalikda, tibbiyot xodimlari 15 kishi vafot etgani haqida ma'lumot berishgan.

Havo kemasi komandiri voqea joyida halok bo‘lgan, ikkinchi uchuvchi ayni vaqtda og‘ir ahvolda shifoxonada qolmoqda. Samolyot «qora qutisi» topilgan va tekshirish uchun mutaxassislarga yuborilgan.

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, samolyot yo‘lovchilari orasida Ukraina, Qirg‘iziston va Xitoy fuqarolari ham bo‘lgan.

Sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot kotibi Tleuxan Abildayevning ma'lumotiga ko‘ra, aeroportdan jami 66 kishi shifoxonaga olib borilgan, ularning 50 nafari shifoxonaga yotqizilgan.