Toshkent viloyatida vazir o‘rinbosari ishtirokidagi yig‘ilishda 9 nafar ichki ishlar xodimi ishdan olindi
28 dekabr kuni Toshkent viloyatida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Rustam Hatamov ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
IIBB axborot xizmati xabar qilishicha, yig‘ilish viloyat IIBda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari hamda O‘z xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i ishtirokida, Bosh boshqarma rahbariyati va shaxsiy tarkibi hamda viloyatning 22 ta shahar-tumanlarida xizmat qilayotgan xodimlar bilan xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash» masalasida o‘tkazildi.
— Jamiyatda jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashib, odamlarni to‘g‘ri yo‘lga soladigan, shaxsiy ibrat bo‘ladigan ichki ishlar xodimi o‘zi huquqbuzarlik sodir etsa, buni qanday tushunish mumkin? — dedi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Rustam Hatamov. — Endi bunday mas'uliyatsizlik bilan ishlab bo‘lmaydi. O‘z xizmat vazifasiga loqayd bo‘lib ishlagandan ko‘ra bo‘sh tursin o‘sha ish o‘rni. Lekin yurtiga, xalqiga xiyonatkor, xizmat vazifasiga sovuqqon xodimga bizning safimizda o‘rin yo‘q.
Yig‘ilishda boshqarmaning yillik natijalari tanqidiy ruhda tahlil etildi. 3 nafar xodim ichki ishlar organlari safidan, 6 nafari egallab turgan lavozimidan rasman ozod etildi. 6 kishiga hayfsan, 5 xodimga tanbeh, 2 nafariga qattiq hayfsan intizomiy jazolari e'lon qilindi.
27 nafar xodimning faoliyati muhokama qilinib, ularni ichki ishlar organlarida qolish-qolmaslik masalasini hal etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 37 nafar xodim esa ogohlantirildi.
Shuningdek, xizmat faoliyati bilan hamkasblariga o‘rnak bo‘layotgan 30 nafardan ortiq xodim rag‘batlantirildi.
–Keltirib o‘tilgan xato-kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab oldik. Kelgusida mazkur holatlarning barchasi bartaraf etilib, Ichki ishlar organlari rivoji va ijobiy imijini shakllanishida Toshkent viloyati IIBB ijobiy natijalar bilan barchaga namuna bo‘lishiga va'da beraman, — dedi so‘zga chiqqan bosh boshqarma boshlig‘i polkovnik Tohir Aripov.
Yig‘ilish so‘ngida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli xulosalar chiqarilib, xodimlar bilan olib borilayotgan tarbiyaviy-profilaktik ishlar samaradorligini yanada oshirish, xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash borasida kelgusida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Mavzuga oid
13:38 / 08.11.2024
Misr Toshkent viloyatida ko‘chmas mulk sohasiga investitsiya kiritmoqchi
21:15 / 07.11.2024
Toshkent viloyatida isitish mavsumi 8 noyabrdan boshlanadi
11:53 / 06.11.2024
Zoyir Mirzayev Toshkent viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi
22:14 / 05.11.2024