8 yanvar kuni Tailandda 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo chempionati boshlanadi. Lyubinko Drulovich murabbiyligidagi O‘zbekiston U23 jamoasi musobaqani 9 yanvar kuni Eronga qarshi o‘yin bilan musobaqani boshlaydi. Guruhdan chiqish uchun Xitoy va Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinlar ham bor. Musobaqaga amaldagi g‘olib sifatida borayotgan O‘zbekiston yana chempionlikni va bu gal asosiy maqsad bo‘lgan olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kirita oladimi?
Ochig‘ini aytish kerak, 2018 yilgi Ravshan Haydarov boshqargan jamoadan yaxshi natija kutilgani rost, lekin ularni chempion bo‘lib keladi deb o‘ylaganlar ko‘p emasdi. Bir tomondan tarkibda Doston Hamdamov, Odil Hamrobekov, Javohir Siddiqov, Aziz G‘aniyev, Rustam Ashurmatov, Akrom Komilov kabi yigitlar bor, boshqa tomondan janubiy-sharqiy Osiyoda bu yoshdagi futbolchilar allaqachon Yevropada o‘ynay boshlashadi.
Ayniqsa, birinchi turda Feliks Sanches boshqaruvidagi Qatar (esingizda bo‘lsa, keyinchalik Sanches o‘sha jamoasidagi ko‘plab futbolchilar bilan Osiyo Kubogida g‘olib bo‘ldi) bizning yigitlarni mag‘lub etgach, Ravshan Haydarov jamoasining imkoniyatlari keskin pasayib ketgandi. Ammo keyingi o‘yinlarda iroda ko‘rsatgan futbolchilarimiz bosh sovrin bilan ortga qaytishdi.
Biz yuqorida nomlarini sanagan Hamrobekov, Hamdamov, Siddiqov va G‘aniyev kabi futbolchilar aynan o‘sha musobaqada o‘yindan-o‘yinga katta futbolchiga aylanib borishgandi. Ular o‘z qarshilaridan chiqqan Yaponiya va Janubiy Koreya kabi qit'a futboli yetakchilarini mag‘lub etishdi. Finalda jamoaning yangi qirrasi ochilib super iroda ko‘rsatildi. Bonusiga futbolimiz Andrey Sidorov ismli qutqaruvchini kashf qildi. Hozirgi jamoa nimaning evaziga chempion bo‘lishi mumkin?
Ostonsiz tarkib
Agar siz o‘zbek futboli deganda milliy jamoaning yil davomida o‘tkazgan bir nechta o‘yinini tushunsangiz, Tailandga boradigan jamoani tanimasligingiz tabiiy, ammo ichki chempionat o‘yinlarini kuzatib yurgan bo‘lsangiz, bu jamoaning kuchiga to‘g‘ri baho bera olasiz. Keling, tarkibning naqadar kuchli ekanini chiziqlar bo‘yicha ko‘rib chiqamiz.
Murabbiylar katta ehtimol bilan asosiy darvozabon sifatida «Nasaf» posboni Abduvohid Ne'matovni tanlasa kerak. Ma'lumot uchun, Abduvohid chempionatda yil ramziy jamoasiga kiritildi.
Markaziy himoyachi Islom Qobilov ham oxirgi vaqtlarda tez-tez tilga olinyapti. «Bunyodkor»dagi ishonchli harakatlari bilan milliy jamoaga ham nomzodlar qatoriga kirgan bu futbolchi U23 jamoasi sardori. U nafaqat himoyani, balki butun jamoani yaxshi boshqara olishini o‘yinlarda ko‘rganmiz.

















