2 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda taxminan 10-15 yoshlardagi bolaning Yunusobod tumanida akasi tomonidan qiynoqlarga solinib, kaltaklab kelingani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.
Xususan, telegramdagi kanallardan birida e'lon qilingan xabarda «Yunusobodda yashovchi bu bolakay har kuni ayovsiz kaltaklangani, uni o‘zining tug‘ishgan akasi kaltaklab yurgani, akasining turmush o‘rtog‘i bolakayni yomonlab, unga qarshi qayrab har kuni kaltaklatgani, bola uy yerto‘lasida saqlab kelingani» aytilgan.
Ma'lum bo‘lishicha, qiynoqlarga solingan bola mashhur aktrisa Madina Muxtorovaning kenja o‘g‘li hisoblanadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan birinchi videoda bola o‘z akasi tomonidan muttasil ravishda qiynoqqa solinib, kaltaklanishi bayon qilingan. Tasvirlarda bolaning yuzi, qo‘llari, barmoqlari va ayniqsa oyog‘ining son qismi qizargani, ko‘kargan va qontalash bo‘lgani aks etgan.
Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, bolaga uning akasi tomonidan jismoniy kuch ishlatilgan va buning natijasida u tan jarohatlari olib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan. Tibbiyot muassasasi tomonidan 2 yanvar kuni berilgan 62-sonli ma'lumotnomaga ko‘ra, bolaga yuz va tana sohasining ko‘plab qontalashlari va lat yeyishlari tashxisi qo‘yilib, ambulator davolanish tavsiya etilgan.
Ko‘p o‘tmasdan ijtimoiy tarmoqda jabrlanuvchining murojaati tarqaldi.
Unda bola aktyorlik to‘garagiga qatnashishi, ushbu videoda ham aktyorlik mahoratini ko‘rsatgani, tanasidagi ko‘karishlarni esa onasining bo‘yoqlaridan foydalanib grim qilgani, aslida ahvoli yaxshiligi, akasi uni hech qachon urmaganini aytadi hamda undan xavotir olayotgan, uyigacha izlab kelayotgan odamlarga minnatdorchilik bildiradi.
Aktrisa va uning kenja o‘g‘li holat bo‘yicha aktrisaning o‘rtancha o‘g‘liga da'volari yo‘qligini ma'lum qilishib, bu haqda ariza yozishdan bosh tortishgan.
Yunusobod tuman ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi holat yuzasidan bayonot berdi.
«Bolaning onasi O‘zbekiston milliy akademik drama teatri aktrisasi Madina Muxtorova voyaga yetmagan M.A.ning (ko‘rsatmalariga ko‘ra) tarbiyasi buzilib, ko‘p vaqtini ko‘chada o‘tkazayotganligi va uning xulq-atvoridagi o‘zgarishlar sababli 2020 yil 2 yanvar kuni soat taxminan 12:30 larda o‘rtancha o‘g‘li Sanjar Muxtorovdan ukasi bilan gaplashib qo‘yishni so‘ragan.
















