O‘zbekiston bargak (danaksiz turshak) yetishtirish bo‘yicha dunyoda ikkinchi, o‘rik va kishmish yetishtirish bo‘yicha to‘rtinchi, qora olxo‘ri va gilos yetishtirish bo‘yicha beshinchi, olxo‘ri va shaftoli yetishtirish bo‘yicha yettinchi va to‘qqizinchi, uzum yetishtirish bo‘yicha o‘n yettinchi o‘rinda turadi. Bu haqda deya Caravan Gardens kompaniyasi bosh direktori Jamshid Abdullayev bugun Toshkentda boshlangan «Umid 2.020» xalqaro konferensiyasidagi chiqishida aytib o‘tdi.
Vestminster universiteti bitiruvchisi bo‘lgan Jamshid Abdullayevning ta'kidlashicha, eksport sohasidagi to‘siqlarning olib tashlanishi eksport hajmining keskin oshishiga olib kelgan. U buni o‘zi rahbarlik qilayotgan kompaniya misolida ko‘rsatib berdi.
«Men 2019 yilda O‘zbekistondan 3 mln 347 ming dollarlik meva-sabzavotlarni eksport qildim. 2018 yilda bu ko‘rsatkich 2 mln 129 ming, 2017 yilda 863 ming, 2016 yilda 257 ming dollarni tashkil qilgan edi. Konvertatsiyaning erkinlashuvi, eksport cheklovlari, sohadagi yashirin soliqlar va eksport qilinadigan mahsulotlar uchun oldindan to‘lovning bekor qilinishi, eksport qiluvchilarga Markaziy bankdan naqd pul berilib, ularning tomorqa egalaridan mahsulotlarni naqd pulga sotib olishiga imkon berilishi kompaniyamning eksport hajmi keskin oshishiga xizmat qildi.
Birgina davlat tomonidan eksport siyosatining liberallashuvi natijasida kompaniyamning mahsulot aylanmasi shu darajagacha ko‘tarildi. Holbuki, 2016 yildayam shuncha odam ishlardi firmamda, hozir ham shuncha odam ishlaydi», deya Caravan Gardens kompaniyasi bosh direktori Jamshid Abdullayevning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

O‘zbekiston meva-sabzavotlarini asosan Rossiya, Xitoy va Birlashgan Arab Amirliklariga eksport qiladigan mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, sohada ijobiy tendensiyalar bilan bir qatorda yechimini kutayotgan masalalar ham talaygina. Jumladan, O‘zbekistonda meva-sabzavot seleksiyasining to‘xtab qolgani, jahon bozorida talabgir bo‘lgan, uzoq muddat saqlanadigan yangi navlar yaratilmayotgani, O‘zbekistonning qaysi hududida qanday mahsulot yetishtirilishi, eksportchilar o‘ziga kerak miqdordagi meva-sabzavotni bitta qo‘ldan qayerdan olishni haligacha bilmasligi, bu borada hududlarda axborot-tahlil markazlarining yo‘qligini ta'kidladi. Shuningdek, u transport-logistika borasida ko‘p yillar qiynab kelgan muammolarga yechim topilgani asnosida hamon mahsulotlarni qadoqlash muammoligicha qolayotganiga urg‘u qaratdi.
















