Pentagon vakillarini AQSh prezidenti Donald Trampning eronlik general Qosim Sulaymoniyni yo‘q qilish haqidagi qarori hayron qoldirgan. Bu haqda Mudofaa vazirligi va AQSh prezidenti ma'muriyatidagi manbalariga asoslanib The New York Times nashri xabar tarqatdi.

Nashr suhbatdoshlari aytib berishicha, 27 dekabr kuni AQShning Iroqdagi harbiy bazasiga shia jangari guruhlari tomonidan uyushtirilgan hujum oqibatida bir necha amerikalik halok bo‘lgach, eronlik general Qosim Sulaymoniyni yo‘q qilish muhokama qilingan. Avvaliga 28 dekabr kuni, Tramp Sulaymoniyni o‘ldirishni ma'qullamagan va AQSh Harbiy-havo kuchlariga «Kataib Hizbulloh» guruhining Suriya bilan chegara yaqinidagi bazalariga hujum qilishni buyurgan. Bu hujum oqibatida 25 kishi halok bo‘lib, 50dan ortiq kishi jarohatlangan. Bu amerikaliklarning Bag‘doddagi elchixonasi oldida ommaviy namoyishlar uyushtirilishiga olib kelgan, bu voqealarni Tramp televizor orqali kuzatgan.

Ma'lum qilinishicha, Tramp yakunda radikal qaror qabul qilishi Pentagon rasmiylari uchun kutilmagan hol bo‘lgan. AQSh prezidenti 30 dekabr kuni kelib tushgan razvedka ma'lumotlarini e'tiborsiz qoldirgan, bu ma'lumotlarda Yaqin Sharqda e'tiborni tortadigan voqea kuzatilmagani, jumladan Sulaymoniy ham hech qayerga yo‘l olmayotgani haqida aytilgandi. Bundan tashqari, AQSh razvedkasi Eronning eng nufuzli generali AQSh harbiylariga keng ko‘lamli hujumlar uyushtirishni rejalashtirayotgani haqidagi ma'lumotni asosli deb topishmagan. Manbaning tasdiqlashicha, Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xominaiy Sulaymoniyga Amerikaga qarshi rejalarni amalga oshirishga ruxsat bermagan va kelgusi rejalarni maslahatlashish uchun Tehronga qaytishni taklif qilgandi.

Tramp Sulaymoniyning o‘ldirilishini bu paytda Rojdestvo ta'tillari sabab AQShning turli hududlarida bo‘lgan milliy xavfsizlik bo‘yicha bir necha nafar yuqori martabali maslahatchisi bilan rejalashtirgan. Ular himoyalangan aloqa liniyasi orqali muloqotda bo‘lgan.

Tramp maxfiylik nuqtayi nazaridan Kongressni rejalari haqida ogohlantirmagan. Shuningdek, bu haqda Milliy xavfsizlik vazirligi va xorijiy davlatlar rahbarlari ham bilmagan.

Amaliyotga tayyorlanish tor doiradagi maslahatchilar bilan muhokama qilingan, bu rejadan faqat davlat rahbarining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Robert O'Brayyen, vitse-prezident Maykl Pens, Davlat kotibi Maykl Pompeo, Mudofaa vaziri Mark Esper, MRB direktori Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jin Hespel va Oq uy apparati boshqaruvchisi vazifasini bajaruvchisi Mik Malveni xabardor bo‘lgan. Maykl Pens va Maykl Pompeo Tehronga nisbatan qat'iy javob qaytarish tarafdori bo‘lishgan.