O‘zbekiston | 12:56 / 06.01.2020
56391
3 daqiqa o‘qiladi

Parlament saylovining yakuniy tur natijalari e'lon qilindi

Foto: KUN.UZ

Kecha, 5 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 25 ta saylov okruglaridagi 1 730 ta saylov uchastkasida takroriy ovoz berish bo‘lib o‘tdi.

Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari Mahmud Istamovning xabar berishicha, bunda 3 147 079 nafar fuqarolar saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, ulardan 1 978 048 nafari takroriy ovoz berishda ishtirok etdi.
 
Bu takroriy ovoz berishda saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning 62,8 foizini tashkil etadi.

Saylov yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida siyosiy partiyalar quyidagicha  deputatlik o‘rinlariga ega bo‘ldilar:

1. O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi – 53ta deputatlik o‘rni;
2. «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi – 36ta deputatlik o‘rni;
3. O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi – 24ta o‘rin;
4. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi – 22ta o‘rin;
5. O‘zbekiston Ekologik partiyasi – 15ta o‘rinni egalladi.

Takroriy ovoz berish jarayonini deputatlikka nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan jami 5 mingdan ortiq kuzatuvchilar kuzatib bordi. 

Saylov kodeksiga muvofiq, Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarni ro‘yxatga olish Markaziy saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalaridan olingan bayonnomalar asosida Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarni ro‘yxatga oladi. Deputat etib saylangan shaxslar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan paytdan e'tiboran Qonunchilik palatasi deputati maqomiga ega bo‘ladi. Qonunchilik palatasi deputati etib saylangan shaxslar Markaziy saylov komissiyasiga Qonunchilik palatasi deputatining maqomiga to‘g‘ri kelmaydigan vazifalarni o‘z zimmasidan soqit qilganligi to‘g‘risida yozma shaklda ma'lum qilishi shart. Qonunchilik palatasi deputatlariga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan o‘n kun ichida guvohnoma va ko‘krak nishoni beriladi.

Mavzuga oid