Fan-texnika | 08:58 / 07.01.2020
10854
2 daqiqa o‘qiladi

Falcon 9 raketasi 60 ta sun'iy yo‘ldosh bilan birga orbitaga uchirildi

Foto: SpaceX

Falcon 9 raketasi global internet tarmog‘ini yoyish uchun mo‘ljallangan Starlink tizimining 60 ta kichik o‘lchamli sun'iy yo‘ldoshi bilan birga orbitaga uchirildi. Bu haqda SpaceX kompaniyasi ma'lum qildi.  

Ikki pog‘onali raketa AQShning sharqiy vaqti bilan 6 yanvar soat 21:19da Kanaveral burnidagi (Florida) kosmodromdan uchirilgan.

Starlink sun'iy yo‘ldoshlari 290 km balandlikka olib chiqiladi. SpaceX muhandislari sun'iy yo‘ldoshlarning ishchi holatini tekshirgach, ular o‘z ion dvigatellari yordamida yuqoriroq orbitaga ko‘tariladi. 

Bu Starlink loyihasi doirasida sun'iy yo‘ldoshlar guruhining orbitaga uchinchi chiqarilishidir. Ilk 60 ta sun'iy yo‘ldosh 2019 yil may oyida, ikkinchi guruhi esa noyabrda orbitaga chiqarilgan.    

AQSh kompaniyasi sayyoramizning istalgan burchagidan keng polosali internetga ulanishni ta'minlash uchun umumiy hisobda bunday sun'iy yo‘ldoshlardan orbitada 12 mingtasini yoymoqchi. Qolgan sun'iy yo‘ldoshlarni 2020 yildan keyin fazoga chiqarish rejalashtirilgan. Loyihani amalga oshirish uchun investitsiyalar qiymati 10 mlrd dollarga baholangan.     

Mavzuga oid