O‘zbekiston | 13:24 / 08.01.2020
21288
4 daqiqa o‘qiladi

Senat a'zolari saylovi bo‘yicha deputatlar qo‘shma majlislari qachon o‘tkazilishi ma'lum bo‘ldi

Foto: Markaziy saylov komissiyasi

Joriy yilning 8 yanvar kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Kun tartibidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Cenati a'zolari saylovi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlarining qo‘shma majlisini chaqirish va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati sayloviga oid ayrim hujjatlarning namunalarini tasdiqlash masalalari o‘rin oldi. 

Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati xabarida aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga muvofiq:

Senat a'zolarining saylovi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylanganidan keyin bir oydan kechiktirmay o‘tkaziladi;

Qoraqalpog‘iston  Respublikasi  Jo‘qorg‘i Kengesining, tegishli viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek tumanlar va shaharlar mahalliy Kengashlarining qo‘shma majlisini chaqirish Markaziy saylov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi;

Markaziy saylov komissiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, mahalliy Kengashlarga saylov yakunlari e'lon qilinganidan keyin uch kunlik muddatda Senat a'zolarini saylash uchun qo‘shma majlislar o‘tkazilishini e'lon qiladi.

Oliy Majlis Senati a'zolari saylovi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining qo‘shma majlislarini 2020 yilning 16-17 yanvar kunlari o‘tkazish haqida qaror qabul qilindi. Qarorga muvofiq hududlarda qo‘shma majlislarni o‘tkazish muddatlari, joyi va Markaziy saylov komissiyasidan ishtirok etuvchi mas'ullar haqidagi reja-jadval tasdiqlandi.

Shuningdek, yig‘ilish qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a'zolari sayloviga doir “Saylov byulleteni”, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari qo‘shma majlisining bayonnomasi, shuningdek Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari qo‘shma majlisi Maslahat kengashi yig‘ilishining hamda Sanoq komissiyasi bayonnomasining namunalari tasdiqlandi.

Ma'lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati (yuqori palatasi) hududiy vakillik palatasidir. Senat a'zolari (senatorlar) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo‘shma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — olti kishidan saylanadi.

Senatning o‘n olti nafar a'zosi fan, san'at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolar orasidan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan tayinlanadi.

Senat ishi yalpi majlislarga  va uning qo‘mitalari majlislariga to‘planadigan senatorlar faoliyatiga asoslanadi. Senatning vakolat muddati — besh yil. Vakolat muddati tugagach, Senat yangi chaqiriq Senati ish boshlagunga qadar o‘z faoliyatini davom ettirib turadi.

Saylov kuni yigirma besh yoshga to‘lgan hamda kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Senat a'zosi bo‘lishi mumkin. Ayni bir shaxs bir paytning o‘zida Senat a'zosi va Qonunchilik palatasi deputati bo‘lishi mumkin emas.

Mavzuga oid