18 yanvar kungi holatga ko‘ra, Xitoy rasmiylari ushbu virusni yuqtirgan 60dan ortiq holatni tasdiqlashdi. Ammo britaniyalik mutaxassislar aslida bu raqam 1700ga yaqinlashmoqda degan fikrda.
Tadqiqot Buyuk Britaniya hukumati va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga hisobot beradigan London Imperial kolleji qoshidagi MRC yuqumli kasalliklarni global tahlil qilish markazida o‘tkazildi.
«Bu holat meni bir hafta avvalgiga qaraganda ko‘proq tashvishga solmoqda», deydi epidemiolog professor Nil Fergyuson.
Dekabr oyida o‘tkir respirator kasalliklarni keltirib chiqaruvchi ushbu virusdan ikki kishi vafot etgani ma'lum. Uning birinchi tarqalishi Xitoyning Uhan shahrida qayd etilgan.
Singapur va Hongkong allaqachon Uhandan keluvchi barcha yo‘lovchilarni tekshirishni boshlab yuborishgan, shu kabi choralar juma kuni AQShning uchta yirik aeroportida ham joriy etildi: San-Fransisko, Los-Anjyeles va Nyu-York.
Yangi ma'lumot qanday olindi?
Muammo ko‘lamini baholashning asosiy mezoni boshqa mamlakatlarda aniqlangan holatlar soni edi.
Kasallik Xitoy markazidagi Uxan shahrida yoyilgan bo‘lsa-da, Tailandda ikkita, Yaponiyada bitta kasallanish holati qayd etildi.
«Bu meni xavotirga soldi. Uhan ushbu uch holatni boshqa mamlakatlarga «eksport» qilgani shuni anglatadiki, virus ko‘lami e'lon qilinganidan ko‘ra kengroqdir», deydi Fergyuson.
Aniq raqamlarni bilishning iloji yo‘q, ammo olimlar virusning o‘zi, mahalliy aholi soni va yo‘lovchilar tomonidan havo qatnovi to‘g‘risidagi ma'lumotlar hisobga olinib, tarqalish darajasi to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lishlari mumkin.
Uhan shahrida 18 millionga yaqin odam istiqomat qiladi, ammo uning xalqaro aeroporti orqali atigi 3,4 ming yo‘lovchi chet mamlakatlarga uchadi.
Natijalari Imperial kollejining veb-saytida e'lon qilingan to‘liq hisob-kitoblarga ko‘ra, gap 1700ta kasallanish holati haqida ketmoqda.
Virus haqida nimalar ma'lum?

Virusni laboratoriyada tekshirish uchun bemorlardan tahlil olingan.
Xitoy rasmiylari va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti infeksiya koronavirusni keltirib chiqaradi degan xulosaga kelishdi.









