Jahon | 09:58 / 20.01.2020
57467
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston O‘zbekiston sababli tirik qoramolni mamlakatdan olib chiqib ketishni butunlay taqiqlaydi

Foto: KUN.UZ

Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligi mamlakatdan barcha yoshdagi yirik va mayda shoxli tirik qoramolni olib chiqib ketishni butunlay taqiqlashga qaror qildi. Tegishli tuzatishlar Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Moliya vazirligining ilgari faqat urg‘ochi mol eksportini cheklagan  «Qishloq xo‘jaligi hayvonlarini eksport qilishning ayrim masalalari to‘g‘risida»gi qo‘shma buyrug‘iga kiritiladi.

Informburo’ning yozishicha, mamlakat Qishloq xo‘jaligi vazirligi shu yo‘l bilan qoramolni O‘zbekistonga ommaviy olib chiqib ketish va Qozog‘istondagi go‘shtni qayta ishlash korxonalarida kuzatilayotgan past yuklama muammosini hal qilmoqchi.

Bildirilishicha, 2019 yilda Qozog‘istondan 156 ming bosh yirik shoxli qoramol olib chiqib ketilgan, ulardan 78 foizi - O‘zbekistonga, yana 14 foizi - Armanistonga. Shuningdek, 264 ming bosh qo‘y mamlakatdan olib chiqildi, ularning yarmidan ko‘pi urg‘ochi bo‘lgan. Mayda shoxli qoramolning asosiy xaridori ham O‘zbekistondir - respublikaga 200 mingdan ortiq qo‘y (76%) eksport qilindi.

Keyinchalik qayta ishlash va qayta sotish uchun tirik qoramolning ommaviy ravishda eksport qilinishi go‘sht mahsulotlariga narxlar ko‘tarilishi uchun zamin yaratdi. Vaziyat Qozog‘istondagi go‘shtni qayta ishlash korxonalarida yuklamaning pasayishi va ozuqa bazalarining bo‘shab qolishiga olib keldi. 2019 yilda, asosan, xomashyo tanqisligi sababli, ularda ish quvvatining yarmidan kami ishlagan.

2017-2021 yillarda Qozog‘istonda agrosanoat kompleksini rivojlantirish davlat dasturi Qishloq xo‘jaligi vazirligiga qayta ishlangan mahsulotlar eksportini 2,5 baravar oshirish vazifasini yuklaydi. 

Mavzuga oid