Umra musulmonlar uchun hajdan keyingi ikkinchi muqaddas diniy ibodat hisoblanadi. Haj ziyorati narxi ancha yuqoriligi va navbat ham kattaligi sababli umraga borish istagida bo‘lgan talabgorlar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Xo‘sh, umra ziyoratini tashkillashtirish ishlari, belgilangan narx, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati o‘zbekistonliklarni qoniqtiryaptimi? Kun.uz aholining shu mavzudagi fikrlari bilan qiziqdi.
Umra ziyorati uchun to‘lov miqdori qancha?
1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda umra ziyorati narxi 13 million so‘m atrofida belgilangan. Biroq hozirgacha bu haqda rasman ma'lumot berilgani yo‘q. Holbuki, haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq ma'lumotlar, jumladan narxlar miqdori muntazam ravishda O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy veb-saytida e'lon qilib borilishi kerak.
Haj va umra masalalari bo‘yicha respublika jamoatchilik kengashining rasmiy telegram kanalida ham to‘lov miqdori haqida ma'lumot yo‘q. Kanalda 2020 yil 1 yanvardan Saudiyaga boruvchi barcha mamlakat fuqarolariga tibbiy sug‘urta uchun 189 saudiya riyoli (50$) davlat boji joriy qilingani, ushbu qo‘shimcha to‘lov umra va haj vizalari uchun amalda bo‘lishi ma'lum qilingan, xolos.
«Bizda narxlar juda qimmat»
«Umraga bormaganman. Narx arzon bo‘lganda albatta borardim, har bir musulmon umrida bir marta bo‘lsin haj yoki hech bo‘lmaganda umra ziyoratini ado etishni istaydi. Lekin pensiyam kichkina, maktabgacha ta'lim sohasida 21 yillik stajim bo‘lsa ham, pensiyamning miqdori kam chiqdi.
2019 yilning sentyabrida opam xususiy turfirma orqali umra ziyoratiga borib keldi. Qiynalmasdan ibodatlarini ado etib, xursand bo‘lib qaytdi. Yaxshi sharoit qilib berishibdi. To‘g‘risini aytganda, opam mahalladan hajga yozilgan edi. Sakkiz yildan beri kutyapti navbatlari kelishini, hali kelgani yo‘q. Yoshlari katta bo‘lib qolgani uchun haj qilolmaganimga yarasha umraga bo‘lsa ham borib kelay, nasib etsa hajgayam yo‘lim ochilar, deb umra ziyoratini ado etib keldilar. Endi hajni orzulab o‘tiribdilar», deydi yo‘lovchilardan biri.









