Jahon | 10:17 / 22.01.2020
14568
3 daqiqa o‘qiladi

Amazon rahbari telefoniga Saudiya valiahd shahzodasi telefonidan buzib kirilgan - Guardian

Jyeff Bezos va Muhammad Bin Salmon/Foto: Saudi Press Agency

AQShning Amazon kompaniyasi rahbari va dunyoning eng boy odami Jyeff Bezos mobil telefoni unga Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad Bin Salmon Ol Saudning telefonidan yuborilgan deb taxmin qilinayotgan zararli fayl yordamida buzilgan. Bu haqda Britaniyaning The Guardian nashri Bezosning telefoni kriminalistik tekshiruvi natijalaridan xabardor manbalarga tayanib xabar berdi. 

Manbalar ma'lumotlariga ko‘ra, josuslik dasturi Bezos telefoniga 2018 yil may oyida Saudiya valiahd shahzodasi unga WhatsApp orqali yuborgan videofayl orqali yuklangan bo‘lishi mumkin. Shundan bir necha soat keyin Bezos telefonidan katta hajmdagi ma'lumot ko‘chirib olingan. Biroq nashr xakerlik hujumi natijasida qo‘lga kiritilgan ushbu ma'lumotlar qanday qo‘llangani haqidagi axborotga ega emasligini ma'lum qilgan.   

2019 yil martida Bezos tomonidan yollangan xususiy maslahatchi Gevin de Beker mijozining telefoniga Saudiya Arabistoniga ishlagan xakerlar tomonidan buzib kirilganini ma'lum qilgan. Bir necha oydan keyin Bezosning sms-xabari va ma'shuqasi bilan tushgan surati National Enquirer nashri ixtiyoriga tushgan. De Beker xakerlarning ushbu hujumini Bezosga tegishli bo‘lgan The Washington Post nashri  jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishini faol yoritishni boshlagani uchun Ar-Riyodning Bezosga zarar yetkazmoqchi bo‘lgani bilan tushuntirgan.

2017 yildan AQShda yashagan jurnalist The Washington Post uchun maqolalar yozgan. U 2018 yil 2 oktyabrda Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulxonasida vahshiylarcha o‘ldirilgan edi. Ushbu qotillik Saudiya Arabistoni rahbariyati buyrug‘i bilan amalga oshirilgani taxmin qilingan. Jurnalistning o‘ldirilishi ishi bo‘yicha Saudiya Arabistonida 5 kishi o‘lim jazosiga hukm qilingan, yana 3 kishi umumiy hisobda 24 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. 

Bezosning advokati The Guardian’ning valiahd shahzodaning zararli dasturni yuborishga aloqadorligiga izoh berish iltimosiga “Bezosning tergov bilan hamkorlik qilayotganini” aytish bilan chegaralangan. Saudiya Arabistonining  Vashingtondagi elchixonasi ham bu masala bo‘yicha hech qanday izoh bermagan. 

Mavzuga oid