OAVda, ijtimoiy tarmoqlarda shifokorlarga qilingan tajovuzlar haqidagi xabarlar, videolavhalar muntazam tarqalib turadi. Vaziyat shu darajaga yetganki, o‘z kasbini bajarayotgan tibbiyot xodimlari nafaqat og‘ir tan jarohatlari olmoqda, balki aziz jonlari ham xavf ostida qolmoqda.
Bu holatlar quyushqondan chiqib ketganining yana bir isboti – bevosita davlat rahbarining nazariga tushgani bo‘ldi.
24 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatnomasida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan, shifokorlarga nisbatan bo‘layotgan zo‘ravonlik holatlariga alohida e'tibor qaratdi.
«Shifokorlarimizning jamiyatimizdagi o‘rni va maqomini kuchaytirish, xuddi o‘qituvchilarniki kabi tibbiyot xodimlarining ham obro‘sini ko‘tarishimiz, ularga munosabatni o‘zgartirishimiz kerak. Ijtimoiy tarmoqlarda ularga nisbatan bo‘layotgan zo‘ravonliklarni ko‘rib qolamiz. Bu bizning mentalitetimizga umuman to‘g‘ri kelmaydigan holat, buni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Shuning uchun shifokorlarning maqomini, obro‘sini oshirimiz shart. Xuddi o‘qituvchilarga qilganimiz kabi shifokorlarga ham munosib mehnat sharoiti yaratish uchun amaliy ishlar qilishimiz lozim», – deb ta'kidladi prezident.
Bu muammoga e'tibor qaratilishini sog‘liqni saqlash tizimidagi muhim qadam, deb hisoblasa bo‘ladi. Sababi ma'lum – inson kimningdir xizmatidan norozi bo‘lishi, o‘zining ayni paytdagi holati, kayfiyatsizligi bilan vaziyatni xaspo‘shlashi mumkin. Ammo kimgadir tajovuz qilishga, ayniqsa vazifasini bajarayotgan va diqqat e'tibori bemorda bo‘lgan shifokorga nisbatan samosud uyushtirishga hech kimning haqqi yo‘q!
Yana bir qiziq jihati, huquqni muhofaza qilish xodimlariga nisbatan deyarli tajovuzlar bo‘lmaydi, bo‘lganda ham darhol va ayovsiz jazo mexanizmi ishga tushadi. Ammo zo‘ravonlar nazarida oq xalat kiygan tibbiyot xodimi oq bayroq ko‘targan va taslim bo‘lgan asirday ojiz, uni bemalol kamsitaverish mumkin.
Raqamlar aldamaydi, raqamlar dahshatli: Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayevning ma'lum qilishicha, 2017 yildan va 2020 yilga qadar 400ga yaqin holatda (!) bemorlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan tibbiyot xodimlariga tajovuz qilinishi bilan bog‘liq qonunbuzarliklar sodir etilgan.















