O‘zbekistonning Pekin shahridagi elchixonasi bergan ma'lumotga ko‘ra 2020 yil 27 yanvar kuni Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Pekin shahrida akkreditatsiya qilingan chet el diplomatik vakolatxonalari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillari uchun brifing bo‘lib o‘tgan.
Brifingda quyidagilar ta'kidlangan:
- Xotirjamlik saqlashning zarurligi. Sarosimaga tushish virusning o‘zidan ham kuchliroq tahdid bo‘lishi mumkin. Xitoy bugungacha vujudga kelgan barcha keng ko‘lamli epidemiyalarni bartaraf etgan, koronavirusni ham yengadi;
- Koronavirusni davolash imkonli ish. Xitoy barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda. Agar Xitoy o‘z oldiga biror maqsad qo‘ysa, albatta unga erishadi;
- Xitoy chet el fuqarolarining o‘z hududidagi xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha barcha xalqaro majburiyatlarni bajaradi. Vazirlik va idoralar, shuningdek provinsiya va shaharlarning rasmiy idoralari chet el diplomatik missiyalariga ularning Uxan shahri va Xitoyning boshqa shaharlarida muammoga duch kelgan fuqalarolari xavfsizligini ta'minlash borasida har qanday ko‘makni ko‘rsatishga tayyor. Hozirda Uxan shahri mamlakatning boshqa shaharlariga qaraganda xavfsizroq. Chunki u yerga eng yaxshi mutaxassislar, eng ilg‘or qurilma va texnologiyalar safarbar qilingan.
«Chet el diplomatik vakolatxonalari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillarining savollariga javob bera turib, Xitoy tomoni mamlakat hukumati hozirda chet el fuqarolarini Uxan shahridan evakuatsiya qilish masalasini ko‘rib chiqmayotganini e'lon qildi.
Elchixona yanvar oyida Uxandan vatanga qaytib kelgan o‘zbekistonlik talabalarni zudlik bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan +998909882330 (direktor o‘rinbosari B. Qurbonov), +998972755074 (bosh mutaxassis F. Qurbonbekov) telefon raqamlari orqali bog‘lanishni qat'iy tavsiya qiladi.
Tashqi ishlar vazirligi Xitoy hududidagi O‘zbekiston fuqarolariga zarur holatlarda istalgan vaqtda mamlakatimizning Pekin shahridagi elchixonasiga +86 135 1102-4242 (Bobur Yaxyayev), +86 139 1175-4476 (Shuhrat Umirov) telefon raqamlari orqali hamda Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasiga +86 131 2255-5772 (Aziz Ulug‘bekov) telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tadi», deyiladi TIV ma'lumotida.
- 2019 yil 31 dekabrda Xitoyning Uxan shahrida noma'lum turga mansub pnevmoniya kasalligi paydo bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Kasallikka chalinganlar dengiz mahsulotlari sotiladigan mahalliy bozorda ishlaydigan odamlar edi.
















