O‘lim holatlarining aksar qismi Xubey provinsiyasi - virus tarqalish epimarkaziga to‘g‘ri kelmoqda. Provinsiya markazi bo‘lmish Uxan shahri meri virus epidemiyaga aylanishidan ogohlantirgan, uning so‘zlariga ko‘ra, 11 million kishi yashaydigan shahar tashqi dunyo uchun yopilib, karantin holati joriy etilguniga qadar 5 million kishi shaharni tark etgandi.

Hozir shaharni tark etish uchun jiddiy cheklovlar o‘rnatilgan. Provinsiya chegaralaridagi punktlarda tibbiy xodimlar guruhlari ishlamoqda va ular chiquvchilarning tana haroratlarini o‘lchashmoqda. Uxanda shaxsiy avtomobillarda harakatlanish ham taqiqlangan.

Bir necha kun ichida shaharda yangi shifoxona qurildi va yana bittasini qurish ishlari ketmoqda. Matoli niqoblar va himoya kiyimlari ishlab chiqaruvchi fabrikalar to‘xtovsiz ishlamoqda.

Ayni vaqtda Xitoyning yana beshta shahri karantin holatida.

Ko‘plab mamlakatlarda turoperatorlar Xitoyga yo‘llanma sotishni to‘xtatgan va asosan ushbu davlatdagi xorijliklarni vataniga qaytarish bilan shug‘ullanmoqda.

Xitoy hukumati virus tarqalishining oldini olish uchun turli choralarni qo‘llamoqda. O‘tgan haftada Pekinning tarixiy qismida joylashgan, Tyananmen maydoni yaqinidagi «Taqiqlangan shahar» (Gugun) saroy kompleksi, shuningdek, Buyuk Xitoy devorining bir qismi sayyohlar uchun yopib qo‘yildi, oy taqvimi bo‘yicha 25 yanvar kuni boshlangan xitoycha yangi yil bayrami tadbirlari bekor qilindi.

Guandun provinsiyasida yashovchilarga niqoblar taqish majburiy qilib qo‘yildi.

Shanxay va Hongkongda Disneylendlar noma'lum muddatga yopib qo‘yildi, Tibet markazi Lxasadagi qadimiy Potala saroyi ham yopilgan.

Hozirda Xitoyning turli hududlarida yangi yil ta'tillari uzaytirilgan.

Uzoq muddatli ta'til

Shanxayda tashkilotlar xodimlariga 10 fevralgacha ishga qaytmaslikka ruxsat berilgan, kommunal xizmatlar, tibbiy muassasalar va supermarketlar bundan mustasno. Mamlakatning boshqa hududlarida ham ta'tillar kamida bir haftaga uzaytirilgan.

Bi-bi-sining Shanxaydagi muxbiri Robin Brantning so‘zlariga ko‘ra, bu Xitoy uchun xos bo‘lmagan qarordir. Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, bunday chora tufayli qariyb bir yarim milliard xitoylik ma'lum vaqtga jamoat transportidan foydalanish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.