Noqonuniy hukm ortidan ko‘rilgan mulkiy zarar
Alibek Amanov «Mikrokreditbank» aksiyadorlik tijorat bankining Mang‘it filiali boshqaruvchisi lavozimida ishlab kelardi. U uch yil oldin ishining orqasidan jinoiy javobgarlikka tortiladi. U jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudning 2017 yil 17 fevraldagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 209-moddasi (Mansab soxtakorligi), 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish) va 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan aybli deb topiladi hamda tegishli jazo tayinlanadi.
Oqibatda Amanovning otasi rahbarligidagi «Amanov Jamshidbek» dehqon xo‘jaligi balansida bo‘lgan, 2015 yilda ishlab chiqarilgan «Kobalt» rusumli avtotransport vositasi davlat foydasiga o‘tkaziladi.
Amanov tomonidan hukmdan norozi bo‘lib kiritilgan shikoyat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi kassatsiya instansiyasining 2017 yil 14 sentyabrdagi ajrimi bilan o‘zgarishsiz qoldiriladi.
A.Amanov sud hukmi noqonuniy ekanligiga shubha qilmagan holda haqiqat uchun kurashni davom ettiradi. Oliy sudning 2018 yil 6 dekabrdagi ajrimi bilan kassatsiya instansiyasining 2017 yil 14 sentyabrdagi ajrimi bekor qilinadi. Jinoyat ishini ko‘rishda O‘zbekiston Respublikasi JPKng qator moddalari, Oliy sudi Plenumi qarorlarining qator bandlari qo‘pol ravishda buzilgani bois oldin chiqarilgan ajrim qonuniy va asosli emasligi ko‘rsatilib, yangidan kassatsiya instansiyasida ko‘rish uchun yuboriladi.
Ish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi kassatsiya instansiyasida yangidan, boshqa sudyalar tarkibida qayta ko‘rib chiqiladi. Shu sudning 2019 yil 6 martdagi (lekin ajrimdagi ko‘rsatilgan sana «2017 yil 6 mart» deb xato yozilgan – tahr.) ajrimi bilan sud hukmining ayrim qismlari noqonuniy bo‘lgani e'tirof etiladi.
Jumladan, Alibek Amanovning JK 167-moddasi 2-qismining «a,v,g» bandlaridagi aybi JKning 205-moddasi 1-qismiga qayta kvalifikatsiya qilinadi. Uning aybidan noqonuniy qo‘yilgan JKning 243-moddasi, ya'ni jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishda ifodalangan qismi chiqarib tashlanadi.
Noqonuniylikdan adolatsizlikka
Sud masalani uning foydasiga hal etgan bo‘lsa-da, A.Amanov bu ajrimdan ham norozi. Chunki, sud tadbirkor mulki bo‘lgan «Kobalt» avtomashinasini qaytarish emas, balki buning o‘rniga hukm chiqqan vaqtdagi, ya'ni 3 yil avvalgi bahosida pul mablag‘i berilishini lozim topgan.















