O‘zbekiston | 16:03 / 29.01.2020
8168
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandga 2019 yil qancha sayyoh tashrif buyurgani ma'lum bo‘ldi

Samarqand shahriga 2019 yil davomida 3 million 120 mingdan ko‘proq sayyoh tashrif buyurgan. Bu haqda Samarqand viloyati hokimining iqtisodiy masalalar va tadbirkorlik bo‘yicha o‘rinbosari Jamshid O‘roqov  ma'lum qildi. O‘roqov Samarqand shahridagi matbuotchilar uyida 2019 yilning iqtisodiy yakunlari haqida OAV vakillariga ma'lumot bermoqda.

«2019 yilda Samarqandda 3 million 120 ming nafar sayyoh tashrif buyurgan. Ulardan 2 million 580 ming nafari ichki sayyohlar, 560 ming nafari xorijiy sayyohlar. 2011 yil 150 ming sayyoh kelardi. To‘g‘ri, bizda turizm ko‘rsatkichi oshdi, lekin salohiyatimiz 2 milliondan ortiq. Biz turizmning har turdagi sohalarini amalga oshirishimiz kerak. Bu uchun mehmonxonalar kerak. Ayni damda Samarqandda 145 ta mehmonxona bor, mehmon uylari sifatida ro‘yxatdan o‘tganlar soni 151 taga yetdi. Bu jada kam.

Menga bitta indoneziyalik katta tadbirkor aytdi: «Agar Samarqandda 5 yulduzli mehmonxona bo‘lganida, 500 nafar mehmonimni chaqirib korporativimni shu yerda o‘tkazardim».

Sayyohlar Samarqandda o‘rtacha 2,2 kun qolmoqda. Axir Samarqand tarixini 2 kunda o‘rganib bo‘ladimi? Xorijiy sayyohlar bir kun qolsa, o‘rtacha 120 dollar pul tashlab ketadi. Biz ko‘proq turizm yo‘nalishlarini ochishimiz, tarixni sayyohlarga jonlantirishimiz kerak. Bitta turistik korxona atrofidagi boshqa tadbirkorga ham foyda beradi»,— deb O‘roqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid