Britaniyadagi Kembrij universiteti sotsiologlari 154 mamlakatda o‘tkazilgan (4 million kishi qatnashgan) 3,5 ming so‘rovnoma natijalarini tahlil qilishgan.
Odamlardan ular o‘z mamlakatidagi demokratiya darajasi o‘zini qay darajada qoniqtirishi borasida so‘ralgan.
Kembrijdagi sotsiologlar bu ishni 1995 yildan boshlab o‘tkazishgan, ayrim mamlakatlardagi ma'lumotlar 1970-yillardan boshlangan davrni o‘z ichiga oladi. Saylovchilarning siyosiy qarashlari va ularning hokimiyat institutlariga munosabati 1995 yildan 2020 yilgacha qanday o‘zgargani haqidagi ma'lumotlar to‘plangan.
«Butun Yer yuzida demokratiya nosog‘lom holatdadir. Biz demokratik siyosiy institutlarga nisbatan norozilik darajasi tez sur'atlar bilan o‘sib borganini va tarixiy nuqtasiga ko‘tarilganini aniqladik. Bu ayniqsa rivojlangan mamlakatlarga xosdir», degan Kembrij universiteti politologi Roberto Foa.
Norozilar ulushi dunyo miqyosida 1995 yilda 48 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda 58 foizga yetgan.
O‘tgan asrning so‘nggi o‘n yilligida demokratiyani ijobiy qabul qilish ko‘rsatkichlari o‘sishi kuzatilgan. Bu Sharqiy va Markaziy Yevropada kommunizmning halokati va butun dunyoda demokratiyaning yuksalishi davri edi.
So‘nggi 10 yillikda esa demokratiyadan hafsalasizlik kuzatilgan va umidsizlik kuchaygan.

Tadqiqot mualliflari buni 2008 yildagi moliyaviy inqiroz, 2015 yildagi «migratsiya inqirozi», shuningdek, «davlatlarning tashqi siyosatdagi muvaffaqiyatsizliklari» bilan bog‘laydi.
Siyosatshunoslar va siyosiy sharhlovchilarning fikricha, bu yig‘ilib qolgan iqtisodiy va siyosiy xarakterdagi milliy va global muammolarni hal etish uchun radikal va ko‘pincha demokratiyaga xos bo‘lmagan yechimlarni taklif qiluvchi populistik partiyalar va harakatlar paydo bo‘lishiga olib keldi. Xususan, Donald Tramp, Boris Jonson va Brexit tarafdorlarining g‘alabalari, shuningdek, Ispaniya va Gretsiyadagi parlament saylovlarida radikal so‘l kuchlarning yutuqlari ko‘pincha shu tarzda izohlanmoqda.

















