2018-2019 yillarda 295 nafar mansabdor shaxs yer qonunchiligini buzish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir qilgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan, ularning 119 nafari yoki 40 foizini yer kadastri xodimlari tashkil etadi.

Bu haqda 1 yanvar kuni Bosh prokuraturada bo‘lib o‘tgan Yer maydonlaridan noqonuniy foydalanish va egallab olishning oldini olish bo‘yicha Respublika komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishida ma'lum qilindi.

Misol uchun, Buloqboshi tuman yer resurslari va kadastr bo‘limi boshlig‘i fuqaro U.ga 4 sotix yerni uy-joy qurish uchun ajratib berish evaziga 4 ming AQSh dollari olganda jinoyat ustida ushlangan.

Muborak tuman bo‘limi mutaxassisi fuqaro E.ga issiqxona qurish uchun yer ajratishni va'da qilib, 14 ming AQSh dollari olgani uchun sud hukmi bilan yetti yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Bundan tashqari, aniqlanishicha, faqat kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish bilan shug‘ullanuvchi «Yermulkkadastr» korxonasi xodimlari ham bunday suiste'molchiliklarga berilgan.

Masalan, Andijon shahar «Yermulkkadastr» rahbari fuqaro Q.ga 4 sotix yer ajratishni va'da qilib, 10 ming AQSh dollari olgani uchun sud hukmi bilan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Oltiariq tuman «Yermulkkadastr» mutaxassisi fuqaro N.ga 5 gektar yerni bog‘ tashkil etish uchun ajratib berish evaziga 22 ming AQSh dollari va 28 mln. so‘m olgan vaqtida jinoyat ustida ushlangan.

Yig‘ilishda Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev ma'ruza qildi. Ma'ruzada ekin yerlarini asrash, holatini yaxshilab borishga yer nazoratiga mas'ul idoralar tomonidan yetarli e'tibor berilmagani oqibatda yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallash, noqonuniy bino va inshootlar qurish, ekin maydonlaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish holatlariga yo‘l qo‘yilgani ko‘rsatib o‘tildi.

O‘tkazilayotgan xatlovlarda, respublika bo‘yicha 3900 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingani, 6 ming gektar maydonga noqonuniy qurilishlar qilingani, 11 ming gektar yerdan samarasiz va maqsadsiz foydalanib kelingani aniqlandi.