Muhokama uchun e’lon qilingan prezident qarori loyihasiga ko‘ra, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabini Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazish hamda uni Biznes va korporativ boshqaruv oliy maktabi sifatida qayta nomlash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.
Quyidagilar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Biznes va korporativ boshqaruv oliy maktabining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanadi:
korporativ boshqaruv, loyiha boshqaruvi, menejment, xususiylashtirish, baholash faoliyati, davlat-xususiy sheriklik, komplayens va audit sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash;
xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning boshqaruv organlari a’zolari, xususan davlat ishtirokidagi korxonalar, korporativ boshqaruv sohasidagi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar, fond bozori, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari, ichki nazorat, moliyaviy-iqtisodiy faoliyat tahlili sohalarida qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil qilishni amalga oshirish;
aholining keng qatlami uchun ularning korporativ boshqaruv, minoritar aksionerlar huquqlarini himoya qilish, fond bozori sohalarida huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan imtiyozli shartlarda qisqa muddatli trening kurslarni tashkil etish;
kuzatuv kengashlarining mustaqil a’zolari va korporativ boshqaruv bo‘yicha mutaxassislarning reyestrini yuritish va ushbu sohada maqsadli kurslarni tashkil etish;
korporativ boshqaruvning zamonaviy uslublarini joriy etishda uslubiy ta’minlash, shuningdek, ushbu sohada rahbar kadrlarni xalqaro talablar va standartlarga muvofiq ravishda tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ilg‘or mamlakatlar, shu jumladan Janubiy Koreya, Singapur, Germaniya tajribasini joriy etish;
Oliy maktabni xalqaro miqyosda tan olingan 200 ta jahonning eng nufuzli biznes maktablari reytingiga kiritish choralarini ko‘rish;
biznes va korporativ boshqaruv sohasidagi biznes maktablarining xalqaro reytinglarini olish uchun yetakchi xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish;
davlat-xususiy sheriklik asosida “ikki diplom” (double degree) qo‘shma dasturlarini amalga oshirish va IELTS, TOEIC, TOEFL va GMAT talablarini hisobga olgan holda ularga nomzodlarni saralashni yuqori darajada tashkil qilish.
















