Prezidentning bu boradagi tegishli qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi. Hujjat bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy strategiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanadi.

Strategiyaning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:

1. Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini, umume'tirof etilgan xalqaro standartlar hamda O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi majburiyatlarini hisobga olgan holda qonunchilikni takomillashtirish.

2. 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish, qonun ustuvorligini mustahkamlash, milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga muvofiqlashtirish.

3. O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro reytinglar va indekslar (qonun ustuvorligi, norma ijodkorligining sifati, hukumat faoliyatining samaradorligi, so‘z va axborot erkinligi, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash, biznesni olib borish shart-sharoitlari, global raqobatbardoshlik, innovatsiyaviy rivojlanish va boshqalar) bo‘yicha dunyoning 50 yetakchi mamlakatlari qatoriga kirishi.

4. Inson huquqlarini himoya qilish milliy institutlarini mustahkamlash, inson huquqlari bo‘yicha davlat siyosatini monitoring qilish va baholash milliy tizimini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatda inson huquqlari madaniyatini shakllantirish.

5. Fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini himoya qilishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari hamda xususiy sektor faoliyati va o‘zaro hamkorligining samaradorligini oshirish.

6. Jinoyatchilikni, ayniqsa odam savdosi, korrupsiya, uyushgan va transmilliy jinoyatchilikni oldini olish va bu illatlarga qarshi kurashish, shuningdek, ushlab turilganlar, qamoqqa olinganlar va mahkumlarni saqlash joylari tizimida odil sudlovga va inson huquqlariga rioya etilishini ta'minlash.

7. Aholining zaif qatlamlarining huquqlarini himoya qilishni ta'minlash, davlat va jamiyatning alohida himoyasiga muhtoj bo‘lgan shaxslarni, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmaganlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda ularga xizmatlar sifatini oshirish.