Bu orqali Kilian Mbappe yana bir marta «Real»ga ketmoqchiligiga ishora qilayotgani haqida taxminlar paydo bo‘lmoqda. Parij klubi fanatlarini uning bu harakati g‘azablantirmoqda.

Fransuz futbolchi shanba kuni «Monpele»ga qarshi o‘yin vaqtida ro‘y bergan voqeadan keyin gazetalarning muqovalarini egalladi. O‘yinda hisob 5-0 ko‘rinishiga yetgach, 68-daqiqada Tomas Tuxel Mbappeni maydondan oldi va uning o‘rniga Mauro Ikardini tushirdi. Forvard bundan noroziligini ochiq namoyish etdi, murabbiy uni quchoqlab olib vaziyatni tushuntirishga harakat qildi, ammo u murabbiyga jahl qilgan holda zaxira o‘rindig‘iga yo‘l oldi.
Mbappe's reaction to being substituted 😡 pic.twitter.com/7lruU5SSff
— Goal (@goal) February 1, 2020
O‘yindan keyin Tuxeldan hodisa bo‘yicha izoh so‘rashdi, u futbolchini jazolamoqchi bo‘lmagani, buni tasdiqlash uchun uni quchoqlaganini aytdi.

«Jamoada maydonda kim o‘ynashini va kim maydondan chiqishini men hal qilaman. Kilian aqlli yigit va nima qilishni biladi. U almashtirilishini yoqtirmaydi, umuman, bu hech kimga yoqmaydi. Futbolchilarning bunday reaksiyasi faqat bizdagina emas. Bugun men «Dortmund»da ham shunday holatni ko‘rdim (Hakimi va Roys zaxiraga olinganidan norozi bo‘lishgandi). «Liverpul» va «Man Siti» futbolchilari ham shunday qilishadi.
Lekin bunday qilish yaxshi emas – bu tufayli klub atrofida turli mish-mishlar paydo bo‘ladi va kayfiyat buziladi. Jamoa hamisha Kilianni qo‘llab-quvvatlaydi, chunki u professional va hamisha jamoaga natija keltirish haqida o‘ylaydi. Men g‘azablanganim yo‘q, lekin xafa bo‘ldim, bunday bo‘lmasligi kerak edi.
Men Kilianga vaziyatni tushuntirdim: nega bunday qaror qilganimni. Men hamisha sportcha prinsiplar bilan ishlayman, axir biz tennis o‘ynamaymizku – shuning uchun jamoadoshlarga hurmat ko‘rsatish kerak.
Men hodisani murabbiylar shtabi bilan muhokama qilaman, futbolchilar bilan emas. Men hech qachon o‘yindan keyin futbolchilar bilan gaplashmayman: kimdir intervyu berayotgan bo‘ladi, kimdir doping-testdan o‘tayotgan bo‘ladi, yana kimdir shunchaki dush qabul qilishga ketgan bo‘ladi. Hammani yig‘ish qiyin», degan murabbiy.
















