«Biz Markaziy Osiyoni barqaror rivojlangan, farovon va hamkorlik mintaqasi sifatida ko‘rishni istaymiz. Biz qudratli davlatlarning mintaqadagi qandaydir raqobatining siyosiy oqibatlarini o‘zimizda his qilishni aslo istamaymiz», – dedi Komilov AQSh Davlat kotibi Maykl Pompeo boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokaralardan so‘ng jurnalistlar uchun tashkil etilgan brifingda.
U O‘zbekistonning tashqi siyosati «mintaqada yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari o‘rnatilishiga asoslanishi»ni ta'kidlagan.
«Biz hech qachon O‘zbekistonga zarar keltiradigan harakatlarni amalga oshirmaymiz», – deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Kunning ikkinchi yarmida Toshkentda mintaqa davlatlari tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari va AQSh Davlat kotibi ishtirokida «Markaziy Osiyo – AQSh» («C5+1») shaklidagi vazirlar uchrashuvi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.















