O‘zbekiston Respublikasining Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidagi raisligi MDHni yanada rivojlantirish Konsepsiyasi hamda Tashkilot doirasida hamkorlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha qabul qilingan rejalar va dasturlarga asoslangan holda amalga oshiriladi, deb xabar bermoqda Tashqi ishlar vazirligi.

Bildirilishicha, O‘zbekiston bir vaqtning o‘zida Davlat rahbarlari kengashida, Hukumat rahbarlari kengashida, Tashqi ishlar vazirlari kengashida, Iqtisodiy kengashda va Hamdo‘stlikning boshqa tuzilmalari huzuridagi a'zo davlatlarning doimiy vakolatli vakillari kengashida, MDH Iqtisodiy kengashi huzuridagi Iqtisodiy masalalar bo‘yicha komissiyada ham raislik qiladi.

O‘zbekistonning raisligi MDHning asosiy hujjatlariga muvofiq tarzda vorislik tamoyilidan kelib chiqadi va rivojlanishning jadal dinamikasini, ishtirokchi davlatlar xalqlarining farovonligini va hayot sifatini yuksaltirishni ta'minlash maqsadida birinchi galda tashkilot ishtirokchi davlatlarining tenglik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro manfaatlarni hurmat qilish va hisobga olishga asoslangan sherikchilik munosabatlarini kengaytirish va mustahkamlashga yo‘naltiriladi.

O‘zbekiston raisligining ustuvor yo‘nalishlari quyidagi vazifalarni amalga oshirishga qaratiladi:

Hamdo‘stlikni mintaqaviy davlatlararo tashkilot sifatida yanada mustahkamlash va rivojlantirish, MDHning xalqaro maydondagi nufuzini hamda Tashkilotning ko‘p tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini hal qilishdagi rolini oshirish;

ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash va Tashkilot ishtirokchi davlatlarining MDH doirasida ilgari surayotgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va hayotga tatbiq etishga yo‘naltirilgan sa'y-harakatlarini birlashtirish;

ishtirokchi davlatlarning tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi sherikchilikni faollashtirish, tomonlarni qiziqtirgan masalalar bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazish va ularni turli xalqaro maydonlarda ilgari surish;

MDH ishtirokchi davlatlarining mamlakatlararo munosabatlarning dolzarb masalalariga yechimlarni ishlab chiqishdagi parlamentlararo hamkorligini kuchaytirish;

MDH ishtirokchi davlatlarining mamlakatlararo munosabatlarning dolzarb masalalariga yechimlarni ishlab chiqishdagi parlamentlararo hamkorligini kuchaytirish;

MDH erkin savdo zonasining rivojlanishi va to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishi, yanada ko‘proq iqtisodiy hamkorlik qilish uchun qulay sharoitlar yaratish, sanoat kooperatsiyalarini rivojlantirish, tovarlar oqimining tuzilishini diversifikatsiya qilish bo‘yicha faoliyatni faollashtirish va tovar aylanmasi, jumladan qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan tovarlar va boshqa talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish, bojxona tartibini soddalashtirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berish chog‘ida «yashil yo‘laklarni» yanada kengroq joriy qilish;