O‘zbekistonda OTM talabalariga stipendiya to‘lash tartibi rasman 1 fevraldan boshlab o‘zgardi. Amalda esa 1 oktyabrdan buyon studentlar avvalgidek tabaqalashgan tarzda emas, bir xil stipendiya olib kelishyapti.
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining ma'lum qilishicha, hukumatning 59-sonli tegishli qarori 31 yanvarda qabul qilingan.
Qabul qilinganiga 6 kun, kuchga kirganiga esa 5 kun bo‘lganiga qaramay, hujjat hamon jamoatchilikka e'lon qilingani yo‘q.
Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi – lex.uz saytiga hukumatning 31 yanvardagi uchta, 5 fevraldagi ikkita qarori joylashtirilgan bo‘lsa-da, ular orasida stipendiyaga doir qaror uchramaydi.

Vazirlikning bir enlik xabariga ko‘ra, qaror bilan talabalarga stipendiya to‘lashning yangi tartibi joriy etilgan. Xabarda bu yangi tartib haqida hech qanday ma'lumot yo‘q. Katta ehtimol bilan bu yerda gap 1 oktyabrdan boshlab amal qilib kelayotgan hozirgi tartib haqida bormoqda.

Qayd etish kerak, qonunchilikka asosan normativ-huquqiy hujjatlarning e'lon qilinishi ular qo‘llanilishining majburiy shartidir. Respublika oliy ta'lim kengashi a'zosi, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev bu holatga e'tibor qaratib, jumladan shunday yozadi:
«Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunga binoan, normativ hujjatlar rasman e'lon qilingandan keyingina kuchga ega bo‘ladi. Lekin stipendiya to‘g‘risidagi qaror 5 fevralda ham hali rasman e'lon qilinmadi, unda qanaqa qilib 1 fevraldan yangi tizimga o‘tiladi?
Vazirlar Mahkamasining qarorlari 5 kundan buyon hech qayerda e'lon qilinmayotganini kimdir tayinli asos bilan tushuntirib bera oladimi?»
Bloger normativ hujjatlarni e'lon qilishning aniq ishlaydigan tizimi yo‘qligini savol ostiga olgan.
«Shunchalik qiyinmi bu ish? Yoki bunga ham albatta eng yuqoridan «siyosiy iroda» kerakmi? Qabul qilingan qarorlarni rasman e'lon qilish uchun Adliya vazirligiga o‘z vaqtida yetkazib berishni kimdir nazorat qiladimi o‘zi? Vazirlikni tushunaman, ular yuqori turuvchi organ sifatida «KabMin»ga ortiqcha e'tiroz yoki qat'iy talab qo‘ya olmasa kerak. Lekin Vazirlar Mahkamasining o‘zida ijro nazoratini kimdir yuritishi kerak–ku axir», – deb yozadi Xushnudbek Xudoyberdiyev.















