Kun.uz tahririyatiga Andijon viloyati Andijon tumani «Oyjamol» MFYda yashovchi Hikmatillo Ashurovdan murojaat kelib tushdi. U xonadonida ishlatilgan elektr energiyasiga muntazam to‘lov qilib borsa ham, unga tuman MIB tashkiloti tomonidan shu yil 14 yanvar kuni 397 ming so‘m qarzdorlikni to‘lash to‘g‘risida talabnoma kelganidan shikoyat qilgan.


Hikmatillo Ashurovning hisob-kitobi va o‘zidagi mavjud kvitansiyalarga ko‘ra, aslida u elektrdan haqdor bo‘lishi kerak ekan.
Andijon tumani «Oliygoh» ko‘chasiga borib, Hikmatillo Ashurovning arziga quloq tutdik.
«2012 yil Andijon tumani «Elektr tarmoqlari» korxonasi xodimlari tomonidan biz yashayotgan mahalladagi barcha xonadonlarga eski rusumdagi elektr hisoblagichlari o‘rniga plastik (Smart) kartada ishlovchi (DDSY283-rusumli) hisoblagichlar o‘rnatilgan edi.
Axir ish joyim Toshkent Davlat Agrar universiteti Andijon filiali buxgalteriyasidan Vazirlar Mahkamasining 1031-qarori bilan o‘z arizamga asosan ish haqimdan va dadamning ish joyidan ham xuddi shu tarzda ushlangan mablag‘lar elektr tarmoqlari korxonasi hisob raqamiga (abonent №1059-083) muntazam o‘tkazib kelingan. Har oydagi kvitansiyalarni ish joyimizdan olib, ushlangan summadagi kVt.ni elektr plastik kartaga yuklab, iste'mol qilib kelganmiz. Barchamizga ma'lum, plastik kartali hisoblagichlardan foydalanganda mijoz qarzdor bo‘lib qolishi mumkin emas. Hisoblagichning kartadagi mablag‘i tugashi bilan elektr o‘chib qoladi.
2019 yil oktabr oyida hisoblagichlar dalolatnoma asosida yangi ASKUE tizimidagi hisoblagichga almashtirildi.


Qo‘limdagi kvitansiyalar bo‘yicha elektrdan yangi hisoblagich o‘rnatilgan vaqtga nisbatan 1 mln 300 ming so‘mdan oshiqroq haqdor edim. Lekin joriy yil 14 yanvar kuni MIB xodimi uyimizga kelib, yangi hisoblagich bo‘yicha iste'mol qilingan 3042 kVt elektr energiya uchun 397 365 so‘m qarzdorlik haqidagi talabnomani tashlab ketdi.






















