Nima bo‘ldi?
Payshanba kuni La Gazzetta dello Sport nashrida Messi «Barsa»ni tark etishi mumkinligi to‘g‘risida xabar tarqaldi. Sababi — katalonlar klubi sardori klubda bo‘layotgan ishlardan norozi. Mavsum o‘rtasida klub rahbariyati bosh murabbiy Ernesto Valverdeni ishdan bo‘shatib, uning o‘rniga Kike Setenni tayinlagandi.
Argentinalik futbolchiga Seten o‘tkazayotgan intensiv mashg‘ulotlar ham yoqmagan, u yuklama og‘irligi tufayli shikastlanib, so‘nggi o‘yinlarni jarohat bilan o‘tkazgan.
COPE nashri ma'lumotiga ko‘ra, Messiga barchasiga o‘zi balogardon bo‘laverishidan ham to‘ygan. Eng asosiysi esa, Lionel Instagram orqali klub sport direktori Erik Abidal bilan ziddiyatga kirishgani bo‘ldi. Aynan shu haqdagi xabarlardan keyin jahondagi yetakchi sport nashrlari ham Messi «Barsa»dan ketishi mumkinligini muhokama qila boshladi va unga yangi klub qidirishga kirishib ketishdi. Ko‘k-anorranglilar rahbariyatini og‘ir kunlar kutmoqda — mojaro hal qilish va axboriy yong‘inni o‘chirish kerak.
Lionel Messi hits out at Barcelona's Sporting Director and former team-mate Eric Abidal 👀 pic.twitter.com/8FCBU48YE5
— B/R Football (@brfootball) February 4, 2020
Abidal bilan ziddiyat
Barchasi «Barsa» sport direktori Erik Abidal klubni 2017-2020 yillarda boshqargan sobiq bosh murabbiy Ernesto Valverdening ishdan bo‘shatilishi tafsilotlarini ma'lum qilganidan keyin boshlandi.
— Barchasiga tayyor turish kerak. Biz 2018 yildayoq yangi murabbiy qidirishni boshlagandik. Barcha ma'lumotlarni to‘pladik, ammo keyin Valverde bilan shartnoma uzaytirildi. Bu prezidentimizning qarori edi va biz uni qabul qilgandik, ammo ishni davom ettirganmiz. Barcha tushunib turardi, gap faqat natijalarda emas, klub ichkarisida ko‘p ishlar bo‘lib o‘tdi. Dekabrda «Real»ga qarshi o‘yindan (0:0) keyin Valverdening ketishiga tayyorgarlik ko‘ra boshladik, — dedi Abidal Diario Sport uchun bergan intervyusida.
U ko‘plab futbolchilar murabbiyning faoliyatidan qoniqish bildirmagani va borini berib o‘ynamaganini qo‘shimcha qilgan.
— Murabbiydan ko‘plab futbolchilar norozi edi. Men sobiq futbolchi sifatida ko‘p narsalarni payqayman. Kommunikatsiya bilan bog‘liq muammolar ham yuzaga kelgan. Men bu haqda rahbariyatga xabar berdim va biz qaror qabul qildik. Seten (katalonlar jamoasining yangi bosh murabbiyi) bizga to‘la mos keldi — u ishlashni yoqtiradi va hamisha futbolchilarga yordam beradi. Uning davrida futbolchilarda o‘ziga ishonch paydo bo‘la boshladi, — degandi Abidal.
















