Gap shundaki, Urgutning «Tersak» mahallasida joylashgan 45-umumta'lim maktabida sinfxonalar yaxshi isitilmaydi. Bunga ota-onalardan birining murojaatidan so‘ng o‘zimiz ham guvoh bo‘ldik.
Maktab rahbariyatidan izoh so‘rasak, «unday emas, mana qozonxona gurillab yonyapti-ku», deya qozonxonani ko‘rsatishdi. Haqiqatan ham qozonxona o‘chog‘ida ko‘mir yonyapti, elektr bo‘lmagani uchun qozonxonaga benzinda ishlovchi generator ulangan.


Muammo shundaki, qozonxona ishlab tursa ham sinfxonalar sovuq, qozonxonaning ham bittasi ishlamagani sababli sport zaliga umuman issiqlik yetib bormaydi.

Direktor esa sinfxonalar sovuqligini rad etdi. Termometr keltirib o‘lchab ko‘rganimizda ham o‘z so‘zida turdi: «Termometr buzuq».
Qizig‘i, ayrim sinfxonalarda isitish batareyalarining o‘zi yo‘q. Ammo baribir issiq emish! Hatto isitish batareyalarining o‘zi bo‘lmasa nimaning hisobiga issiq degan savolga esa javob yo‘q. Shunchaki, «issiq».

Judayam g‘alati va kulgili holat. Issiqlik aylanishi yaxshi bo‘lmagani hisobiga ayrim xonalarda issiqlik batareyalari birozgina qizib turibdi. Ayrim xonalarda isitadigan o‘sha matohning o‘zi yo‘q. Yana bir qozonxonaning o‘zi ishlamaydi. Va eng asosiysi — o‘qituvchilar qalin po‘stin va sharfga o‘rangan, telpakni bostirib olgan. O‘quvchilar ham qalin kiyimda — ammo maktab rahbariyati ko‘rinib turgan muammoni berkitish harakatida. Aslida isitish tizimi kimga kerak o‘zi?

Xo‘p, o‘qituvchilar yoshi katta odam, amallab kunni o‘tkazar, ammo yosh bolalarda nima ayb? (Ruhiyatiga salbiy ta'sir qilmasligi uchun qalin kiyimlarda dars qilayotgan o‘quvchilar rasmini e'lon qilmadik. Qolaversa, sinfxonalarga kirib dars jarayonini suratga tushirishga direktor monelik qildi).
Biz darsdan tashqaridagi o‘quvchilarni suratga olishga muvaffaq bo‘ldik.

















