7 fevraldan qo‘shni respublikalarda o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalar o‘qishini mahalliy OTMlarga ko‘chirish bo‘yicha arizalar qabuli boshlandi.

Qabul 8 kun davom etadi. Bunda hech qanday qo‘shimcha talablar va sinovlarga yo‘l qo‘yilmasligi e'lon qilingan. Natijada qo‘shni davlatlarda o‘qiyotgan ko‘plab o‘zbek talabalari bu yangilikni katta xursandchilik bilan qabul qildi.

Ammo kunning ikkinchi yarmiga borib, ijtimoiy tarmoqlarda, shu jumladan Kun.uz sahifalariga turli e'tirozli fikrlar kela boshladi. Talabalar ayrim qo‘shni davlat oliygohlari ularga hujjatlarini bermayotganini aytishmoqda.

Murojaatlarda aytilishicha, asosan Qirg‘iziston va Qozog‘iston Respublikasidagi OTMlar talabalardan O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi ruxsatnomasini talab qilishmoqda. Yana ayrimlarida hujjatni olish uchun yarim yillik kontrakt to‘lovini to‘lab berish sharti qo‘yilgan.

Kun.uz muxbiri bu murojaatlar bo‘yicha aniq ma'lumot olish uchun Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi axborot xizmati boshlig‘i Farxod Babashev bilan bog‘landi.

«Bu borada menga ham turli murojaatlar yetib kelmoqda. Bu – Tashqi ishlar vazirligi vakolatidagi masala. Bu masala O‘zbekiston Respublikasining qo‘shni davlatlardagi elchixonalari va vakolatxonalari orqali hal qilinadi.

Oliy ta'lim muassasalari o‘qiyotgan talabaning hujjatlarini o‘rnatilgan tartibda berishi kerak. Turli bahonalar bilan bu kabi to‘siqlar qo‘yilishi noto‘g‘ri», – deya munosabat bildirdi vazirlik rasmiysi.

Ma'lum qilinishicha, bu masalada O‘zbekistonning qo‘shni davlatlardagi elchixonalari va vakolatxonalari orqali amaliy yordam ko‘rsatiladi.

– O‘qishini imtihonlarsiz O‘zbekistonga ko‘chirish imkoniyati faqat qo‘shni davlatlardagi fuqarolarimiz uchunmi yoki bu imkoniyat boshqa davlatlardagi talabalarga ham taqdim etiladimi?

– Bu imkoniyat faqat yaqin qo‘shni davlat OTMlarida o‘qiyotgan talabalar uchungina amal qiladi. Boshqa davlatlar uchun ko‘zda tutilmagan.

– Ukraina va Rossiyada o‘qiyotgan talabalarda ham shu mazmundagi so‘rovlar ko‘p...

– Bu davlatlar bilan bo‘ladigan masalalar asosan yoz oylarida ko‘rib chiqiladi. Vazirligimiz fuqarolar murojaatlari asosida bu masalani ham ko‘rib chiqishga tayyor.