Kun.uz “Tarixdan hikoyalar” ruknida millionlab insonlar halok bo‘lgan 20 yillik Vetnam urushi haqida hikoya qiladi.

Foto: Getty Images

Ikkinchi jahon urushidan keyin SSSR va AQSh dunyoning ikkita eng qudratli davlati bo‘lib qoladi. Urush tugagach g‘olib sifatida SSSRning obro‘si nihoyatda oshib ketadi va bu ittifoqqa dunyoda sotsializm g‘oyasini kengroq yoyishga yordam beradi. O‘z o‘rnida AQSh ham qarab turmaydi va beg‘araz yordam, imtiyozli qarz berish evaziga do‘st orttiradi.

Ikki bir-biriga teskari g‘oyadan birini qabul qilish qiyin bo‘lgan mamlakatlarda AQSh va SSSR pachakilashib o‘tirmay butun boshli davlatni ikkiga bo‘lib bo‘lib olishardi. Masalan, Koreya yarimoroli va Germaniyada shunday bo‘lgandi.

Germaniyada GFR AQSh va G‘arb dunyosining, GDR esa SSSR ta’sir doirasiga tushgan bo‘lsa, Koreya yarimorolida Janubiy Koreya G‘arb bilan, Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (Shimoliy Koreya) esa sotsializm yo‘lidan ketadi. Kunlarning birida navbat Vetnamga keladi...

Bugungi Vetnam dunyo xaritasida

Vetnamni Ikkinchi jahon urushi vaqtida Yaponiya bosib olgan, ungacha esa Janubiy-sharqiy Osiyodagi ushbu mamlakat Fransiya mustamlakasi edi. Yaponiya Vetnamni bosib olgach, nguyenlar sulolasining so‘nggi imperatori Bao Day-de mamlakatning «qo‘g‘irchoq rahbari» etib tayinlanadi.

Shahzoda Nguyen Vin Tui, keyinchalik imperator Bao Day
U 1997 yil Parijdagi shifoxonada o‘z ajali bilan o‘lgan

1945 yil 13 avgustida yaponlar Vetnamdan quviladi. Kommunistik partiya rahnamosi Xo Shi Min vaqtinchalik davlat rahbari etib saylanadi.