Yangi haftaning dastlabki kunidan boshlab O‘zbekistonning amaldagi chempioni Toshkentning «Paxtakor» klubi uchun yangi mavsumga start beriladi. 2020 yilda xalqaro maydonda O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan Shota Arveladze boshqaruvidagi jamoa Osiyo chempionlar ligasi dastlabki turi doirasida maydonga tushadi. OChLda ham jiddiy natijalarni ko‘zlayotgan «sherlar» yangi mavsum oldidan maqsadga yarasha kuchaya olishdimi?
O‘tgan mavsumda ichki turnirlarning uchalasida ham uchta kubokni boshi uzra ko‘targan Arveladze shogirdlari O‘zbekistonning tengsiz klubiga aylanishdi. Dragan Cheran mavsum davomida chempionatda 23ta golga mualliflik qilib, yakunda Superliganing eng yaxshi futbolchisiga aylandi, Jaloliddin Masharipov esa eng yaxshi assistent bo‘ldi. Jamoa tarkibining juda kuchli ekanligiga qaramay, amaldagi chempion o‘z safini yanada kuchaytirishga erishdi.
Jamoani kimlar tark etdi va bu kuchsizlanishmi?

2019 yilgi mavsum oldidan Shota Arveladze aksariyat futbolchilar bilan xayrlashdi. Ammo, bu bilan jamoa tarkibi kuchsizlandi, deya nolishga asos yo‘q.
Aytaylik, gruziyalik murabbiy 2019 yilgi mavsum oldidan «Paxtakor»ning asosiy to‘purari Tiago Bazerrani o‘z safida saqlab qololmay, Qatar klubiga qo‘yib yuborishga majbur bo‘lgandi, bu yil esa o‘ziga kerak bo‘lmagan futbolchilar bilangina xayrlashdi.
Jumladan, jamoaning asosiy tarkibiga o‘rnasha olmagan hujumchi Marat Bikmayev bilan shartnoma uzaytirilmadi va 34 yoshli forvard «Lokomotiv» safiga qaytdi.
Shuningdek, jamoa safida ikki mavsumdan buyon to‘p surib kelayotgan, ammo aksariyat bahslarda zaxirada qolgan yana bir «faxriy» 34 yoshli chernogoriyalik himoyachi Marko Simich bilan ham o‘zaro hamkorlik davom ettirilmadi. Jamoadagi katta maosh oladigan legioner himoyachining klubni tark etishi Toshkent klubiga yaxshigina mablag‘ni tejash imkoniyatini ham beradi.
Yarimhimoyachilar orasidan Husniddin G‘ofurov ham jamoa bilan xayrlashdi. Biroq, zaxiradagi futbolchi bilan xayrlashuvni ham kuchsizlanish deb bo‘lmaydi. Demakki, Arveladze bu safar o‘zi istagan futbolchilar bilan xayrlashgan, deya xulosa qilsak bo‘ladi.
Qanday transferlar amalga oshirildi?
















