O‘zbekiston | 17:41 / 12.02.2020
12720
2 daqiqa o‘qiladi

Aviayoqilg‘i va aeroport yig‘imlari narxi arzonlashtiriladi − Transport vaziri

O‘zbekistonda aviakompaniyalar uchun aeroport yig‘imlari 20 foizga, aviayoqilg‘i narxi o‘rtacha 100 dollarga arzonlashtiriladi.

Foto: KUN.UZ

Transport vaziri Elyor G‘aniyev O‘zbekistonning xorijiy aviakompaniyalar uchun jozibadorligini saqlab qolish maqsadida amalga oshirilayotgan choralar xususida ma'lumot berdi. 

“Aviatsiya bozorining eng muhim elementi aviayoqilg‘i hisoblanadi. Hozirgi vaqtning o‘zidayoq aviayoqilg‘ining qiymati 110-120 dollarga arzonlashtirilgan. Bu keyinchalik ham davom ettiriladi. Aviayoqilg‘i narxi mintaqa bozoridagi o‘rtacha narxdan oshib ketmasligini doimiy ravishda nazorat qilib boramiz”, − deydi Elyor G‘aniyev.

Vazirga ko‘ra, Uzbekistan GTL zavodining ishga tushirilishi aviayoqilg‘i taqchilligi muammosini hal qilishi kutilmoqda.

“Biz Uzbekistan Airways’ni to‘liq aviayoqilg‘i bilan ta'minlash imkoniga ega emas edik. Shuning uchun bu mahsulotni import qilishga to‘g‘ri kelardi. Joriy yil yakuniga qadar Uzbekistan GTL zavodi ishga tushsa, bu masala o‘z yechimini topadi.

“Zavod bir yilda 1,7 mln tonna aviayoqilg‘i, shu jumladan, 300 ming tonna aviakerosin ishlab chiqarishi mo‘ljallangan”, − deya ta'kidlaydi transport vaziri.

Ma'lum qilinishicha, xorijiy aviakompaniyalarga qulaylik yaratish, mamlakatning aviatsion jozibadorligini oshirish maqsadida aeroport yig‘imlarini 20 foizga kamaytirish rejalashtirilgan.

“Aeroport xizmatlari uchun yig‘imlarning 20 foizga arzonlashtirilishi aviatsion jozibadorlikni keskin oshiradi. Bu orqali O‘zbekistonni ham yuk, ham yo‘lovchi tashish nuqtai nazardan qulay mamlakatga aylantirishga erishiladi”, − dedi Elyor G‘aniyev.

Mavzuga oid