O‘zbekistonning turli qurilish-pudrat tashkilotlarida oxirgi 3 yilda 302ta baxsiz hodisa ro‘y bergan bo‘lib, ularda 119 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 117 kishi og‘ir jarohatlangan. BvaMMV, Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha davlat inspektori Nozima Sulaymonova AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida qurilish sohasidagi baxsiz hodisalar, ularda jabrlanganlar va jarohatlanganlarga tovon puli to‘lash tartibiga oydinlik kiritdi. Bu haqda tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«So‘nggi 3 yilda qurilish (sohasi)ning o‘zida 302ta baxsiz hodisa sodir bo‘lgan. Bunda 119 quruvchi xodim vafot etgan, 117 kishi og‘ir tan jarohati olgan. Bu degani, mehnat qobiliyatining qaysidir qismini yo‘qotib bo‘lgan.

Savol tug‘iladi: ularga to‘lovlar qanday amalga oshiriladi?

Har bir tashkilotlarimiz, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash qilingan bo‘lsa, (to‘lovlar) sug‘urta kompaniyalari orqali amalga oshiriladi. Lekin, sug‘urta qilinmagan bo‘lsa, ko‘p holatlarda qurilish-pudrat tashkilotlari bu sug‘urtani amalga oshirmagan. (Kompensatsiya pullarini to‘lash-tahr.) ish beruvchi, korxona mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Bu to‘lovlar qancha muddatda to‘lanadi?

Baxsiz hodisani tekshirish bo‘yicha komissiya tuziladi. 15 kun ichida baxsiz hodisa sabablari tekshiriladi. Hujjatlar rasmiylashtirilib, har bir jarohat olgan yoki jabr ko‘rgan oilaga komissiya a'zolari tashrif buyurib, qonunchilik bo‘yicha imkoniyatlari va huquqlarini tushuntirishi shart. Barcha hujjatlar rasmiylashtirilgach, uzog‘i bilan 1 oy muddatda barcha to‘lovlar amalga oshirilishi kerak.  

Agar, xodim baxsiz hodisa tufayli vafot etgan bo‘lsa, bir martalik 6 yillik o‘rtacha ish haqi to‘lab berilishi kerak. Qaramog‘ida farzandlari bo‘lsa, marhumning o‘rtacha oylik maoshi ularning soniga bo‘linadi hamda har bir farzandi 18 yoshga kirguncha to‘lab boriladi.

Agar, baxsiz hodisa oqibatida jarohat olgan bo‘lsa, bir martalik to‘lov bir yillik o‘rtacha ish haqini tashkil etishi darkor. Bundan tashqari, mehnat qobiliyatini to‘la tiklagunga qadar, to‘lovlar foizlarda amalga oshiriladi. Ya'ni, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik darajasi foizlarda TMEK tomonidan aniqlanadi. 30 yoki 40 foiz bo‘lsa, o‘rtacha maoshining shuncha miqdori sog‘lig‘i tiklangungacha yoki umrbod to‘lab boriladi.

Har bir jarohat olgan yoki vafot etgan xodimlar bevosita nazorat olib boriladi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi va Pensiya jamg‘armasi, mabodo korxona tugatilsa, to‘lovlar davlat zimmasiga tushadi va moliyalashtiriladi.