Jamiyat | 18:18 / 12.02.2020
4759
3 daqiqa o‘qiladi

JSST vakili O‘zbekistonning silga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini e'tirof etdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge O‘zbekistonga tashrifi doirasida Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyati bilan ham yaqindan tanishib, bu yerda bemorlar uchun yaratilgan sharoitlarga yuqori baho berdi.

«O‘zim 20 yil muqaddam silga qarshi kurashish loyihasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq va Qo‘ng‘irot tumanlarida ish olib borganman. Oradan 20 yil o‘tdi. Natijalar juda ajoyib. O‘ylaymanki, O‘zbekistonning bunday tajribasini boshqa mamlakatlarga ham namuna sifatida tavsiya qilgan bo‘lardim», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

«Mehmon O‘zbekistonning sil kasalligiga qarshi kurashda erishgan natijalarini e'tirof etishi bejiz emas. Davlatimiz rahbarining «Ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya yordami ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori hamda ushbu hujjat bilan qabul qilingan «2019 – 2021 yillarda sil va o‘pkaning nospetsifik kasalliklari tarqalishiga qarshi kurashish kompleks chora-tadbirlari» dasturi soha rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, mamlakatimizda sil kasalliklarini davolash bo‘yicha yuqori natijalar qayd etilmoqda. Xususan, davolash samaradorligi 87 foizga yetkazildi. Dunyoda ushbu ko‘rsatkich 85 foiz ekanini inobatga olsak, mazkur natija ko‘lami yanada yaxshiroq anglashiladi. Yana bir e'tirofli jihati, JSST ma'lumotiga ko‘ra, silga qarshi olib borilgan tadbirlarning natijalari bo‘yicha O‘zbekiston ftiziatriya xizmati Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa hududiga kiruvchi 53 mamlakat orasida ikkinchi o‘rinni egallab, kuchli uchlikdan o‘rin oldi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

 

Mavzuga oid