O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining "Ko‘p kvartirali uy-joy fondlariga tutash hududlar chegaralarini belgilashni tartibga solish bo‘yicha nizomni tasdiqlash to‘g‘risida"gi buyrug‘i loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
Ko‘p kvartirali uy-joy fondlariga tutash hududlar chegaralarini belgilashni tartibga solish bo‘yicha nizom tasdiqlanadi.
Nizomga ko‘ra, ko‘p kvartirali uy-joyning yer uchastkasida atrof-muhitni muhofaza qilish, sanitariya, yong‘inga qarshi me'yorlar va qo‘shni binolardan me'yoriy oraliqda, sport va bolalar maydonchalari, chiqindilarni yig‘ish shoxobchalari, kir quritish maydonchalari, yozgi dam olish joylari, yo‘laklar, avtomobillar kirish yo‘llari, trotuarlar, avtomobillarni to‘xtab turish maydonchalari joylashishi shart.
Yangi qurilgan va qurilishi rejalashtirilayotgan turar joylar uchun yer uchastkalari chegaralarini aniqlash aholi punktining bosh planida aks ettirilgan “qizil chiziq” chegaralari doirasida va aholi punktining aniq rejasi asosida amalga oshiriladi.
Yer uchastkalari har bir turar-joy binolari uchun alohida-alohida bosh quruvchi (Qurilish vazirligi) tomonidan tasdiqlanadi.
Shahar va qishloq aholi punktlarida joylashgan ko‘p qavatli uy-joylarining yer uchastkalari o‘lchamlari huquqiy tartibga soluvchi hujjatlar - texnik pasportlar (yerdan foydalanish dalolatnomalari) shaharsozlikning amaldagi yerdan foydalanish, yong‘in va sanitariya me'yorlari va qoidalari va loyihalarni ishlab chiqish me'yorlari asosida belgilanadi.
Ko‘p kvartirali uy-joyning yer uchastkasiga sport va bolalar maydonchalari, chiqindilarni yig‘ish shoxobchalari, kir quritish maydonchalari, yozgi dam olish joylari, yo‘laklar, avtomobillar kirish yo‘llari, trotuarlar, avtomobillarni to‘xtab tirish maydonchalari kiritiladi.
Yer uchastkasining chegaralarini belgilashda ko‘p qavatli uylarning atrofidagi egasiz hududlarni hisobga olish va ularni uy-joy hudud chegaralariga kiritish zarur.
Uy-joy joylashgan yer uchastkasi ko‘p qavatli uydagi uy-joy mulkdorlari tomonidan foydalaniladi.
Agar turar-joy binolari va shu kabi uyning bir qismi bo‘lgan boshqa ko‘chmas mulk obektlari joylashgan yer uchastkasi mavjud bo‘lmasa, u holda uy-joy mulkdorlari shirkatining umumiy yig‘ilishining qaroriga binoan yig‘ilish tomonidan vakolat berilgan shaxs, boshqaruv shakliga qarab, tuman (shahar) hokimligiga turar joy joylashgan yer uchastkasini shakllantirish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat etish huquqiga ega.














