
Past Darg‘om tumani «Gulobod» mahallasida yashovchi fuqarolardan tushgan murojaatga ko‘ra, o‘sha manzil sari yo‘l oldik. Arizachilar bergan hududni topib borish oson bo‘lmadi. Yo‘llar mutlaqo talabga javob bermasligi muhim emas. Masala arizachilar yashayotgan uylarning noqulay joylashgani – ikki tomonlama temiryo‘l o‘tgan bo‘lib, qamal holatida ekanida. Yo‘lboshchisiz borsangiz, yo‘qolib qolasiz...
Ayni vaqtda bu yerda to‘qqizta xo‘jalik yashab kelyapti. Uylar o‘tgan asrning 50-60-yillarida temir yo‘l xizmatchilari uchun qurilgan bo‘lib, hozirgi kunda yashab turganlarning aksariyati shu tizimda ishlagan. Sohadan pensiyaga chiqqan.
«Unutilgan» odamlar
Manzura Abdualiyeva ham 12 yil temir yo‘l sohasida ishlab, sog‘ligi yomonlashgach, ishdan bo‘shagan. Hozirgi vaqtda o‘g‘li, kelini va nabiralari bilan shu yerda istiqomat qilib kelmoqda.

U oilasi uchun bu sohada ishlash an'anaga aylangani, otasi, bobosi hamda turmush o‘rtog‘i ham temir yo‘l tizimida ishlaganini aytib berdi. Shuningdek, o‘g‘li R.Narziyev Buxoro lokomotiv depo ishchisi bo‘lib ishlagan ekan. Unga 2011 yil 25 oktyabrida Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzelining hududiy kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan xat kelgan. Unda yozilishicha, Past Darg‘om tumani hududidagi Maroqand bekatida joylashgan, qurilishi tugallanmagan kottej uylardan birini yashash uchun uy-joy sifatida ajratish ko‘zda tutilgan. Ammo negadir bu xat va uning ijrosi «unutilgan».

Jamiyat: «Uy-joylar bizga tegishli emas, xususiylashtirib olavering!»
Rajab Qo‘chqorov 1972 yildan 2009 yilgacha temir yo‘l sohasida ishlagan. 1973 yildan shu joyda yashashni boshlagan. Demak, otaxon qariyb yarim asrni shu uylarda o‘tkazgan.
– Uyda yurakni hovuchlab o‘tiramiz, – deydi otaxon. – Nabiralar hovlida o‘ynasa ham, uyda bo‘lsa ham xavotir olaman. Yog‘in-sochinli kunlarda gapirmasa ham bo‘ladi, tomdan chakka o‘tib ketadi. Pensiyaga chiqqunimcha ham bir necha marta hujjat tayyorlashdi, qanaqadir ro‘yxatga olishdi, ammo hech narsa o‘zgargani yo‘q. Qachon boshpanamizning hujjati bo‘ladi yoki boshqa joydan bizga uy ajratilarkin, deb kutib o‘tiribmiz.






















